Filadelfiyada “Asr” nomli o‘zbek supermarketi ochildi
Fevral 14, 2026. 14:00 • 55 soniya
• 128FILADELFIYA, 14-fevral. /“Dunyo” AA/. Amerikaning Pensilvaniya shtatidagi Filadelfiya shahrida “Asr” o‘zbek supermarketining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ushbu loyiha Filadelfiyadagi o‘zbek diasporasi vakillari tomonidan amalga oshirildi. Tantanali tadbirda o‘zbek jamoatchiligi bilan bir qatorda turk, falastin, afg‘on, rus va ukrain diasporalari vakillari ham ishtirok etdilar. “Asr” supermarketining ochilishi Nyu-Yorkda faoliyat yuritayotgan “Tashkent” o‘zbek supermarketlar tarmog‘i singari AQShdagi milliy savdo infratuzilmasining muhim bo‘lagiga aylandi. Filadelfiyadagi yangi markaz keng turdagi mahsulotlarni, jumladan, O‘zbekistondan import qilingan tovarlarni taklif etmoqda.
Supermarketda nafaqat savdo qilish, balki milliy pazandachilik anʼanalarini saqlab qolish uchun ham barcha sharoitlar yaratilgan. Bu yerda go‘shtni halol usulda nimtalash, o‘zbek milliy taomlarini tayyorlash uchun maxsus xonalar hamda tashrif buyuruvchilar tayyor mahsulotlarni tanovul qilishlari mumkin bo‘lgan umumiy ovqatlanish joylari tashkil etilgan. Mahsulotlarning yuqori sifati va talablarga mosligi turli millat vakillari bo‘lgan xaridorlarning doimiy qiziqishini taʼminlamoqda.
Ochilish marosimi karnay-surnay ansambli va raqs jamoasining chiqishlari bilan davom etdi. Tadbirda so‘zga chiqqan jamoatchilik vakillari va mamlakatimiz diplomatlari bu kabi tashabbuslarning xorijda O‘zbekistonning ijobiy qiyofasini mustahkamlashdagi ahamiyatini alohida qayd etdilar.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi






