Seulda oliy darajadagi birinchi “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” sammiti o‘z ishini boshlamoqda

Sentabr 16, 2026. 08:10 • 5 daq

146
Seulda oliy darajadagi birinchi “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” sammiti o‘z ishini boshlamoqda

TOSHKENT, 16-sentabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) yetakchi ilmiy xodimi Bekzod Normatov “Dunyo” AAga bugun ilk bor davlat rahbarlari darajasida o‘tkazilayotgan “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” sammitidan kutilayotgan natijalar haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

SMTI vakilining taʼkidlashicha, o‘zaro sheriklikni rivojlantirish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, xomashyoni qayta ishlash, mintaqaviy loyihalarni amalga oshirish va muhandis kadrlarni tayyorlash alohida ahamiyat kasb etadi.

Birinchi “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” sammitini mintaqa va uning texnologik jihatdan rivojlangan hamda sinalgan hamkorlaridan biri o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashning muhim bosqichi sifatida qarash lozim.

Bugungi kunga kelib siyosiy, iqtisodiy, parlamentlararo, ishbilarmonlik va gumanitar sohalarni qamrab olgan ko‘p bosqichli aloqalar tizimi shakllandi. Jumladan, 2007-yilda “Koreya – Markaziy Osiyo” hamkorlik forumi taʼsis etildi, 2017-yilda forumning doimiy kotibiyati tashkil qilindi, 2020-yildan Iqtisodiy kengash faoliyat yuritmoqda. 2023-yilda parlamentlar raislari uchrashuvlari formati yo‘lga qo‘yildi, 2024-yilda esa tahlil markazlarining birinchi forumi bo‘lib o‘tdi.

Ko‘p yillik vazirlar darajasidagi hamkorlikdan davlat rahbarlari formatiga o‘tilayotganining o‘ziyoq amaldagi mexanizmlar to‘plangan hamkorlik ko‘lami va yangi vazifalarga endilikda to‘liq javob bermayotganini ko‘rsatadi. Koreya tomoni ham sammitni Markaziy Osiyoning strategik ahamiyati ortib borayotgani hamda savdo, investitsiyalar, energetika, muhim mineral resurslar va taʼminot zanjirlari barqarorligi sohalaridagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish maqsadi bilan bevosita bog‘lamoqda.

Ekspertning fikricha, bugungi kunda ikki tomonning obyektiv manfaatlari tobora bir-birini to‘ldirib borayotgani prinsipial jihatdan muhimdir. Koreya Respublikasi muhim resurslar manbalari va ishlab chiqarish zanjirlarini diversifikatsiya qilishdan manfaatdor. Markaziy Osiyo esa zamonaviy texnologiyalar, investitsiyalar, muhandislik salohiyati hamda yangi yuqori texnologiyali bozorlarga chiqishga ehtiyoj sezmoqda.

Ayni paytda “S5+Koreya” formatida sanoat vazirlarining muntazam uchrashuvlari mexanizmini yaratish masalasi muhokama qilinmoqda. O‘zbekiston bilan ikki tomonlama hamkorlik doirasida esa sanoatda sunʼiy intellektni joriy etish, investitsiyalarni jalb qilish va aniq loyihalarni amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Shu bilan birga, yangi formatni asosan Markaziy Osiyodan Koreyaga xomashyo yetkazib berishga yo‘naltirib qo‘ymaslik muhim. Mintaqa davlatlari uchun hamkorlik geologik qidiruv va qazib olishdan boshlab, xomashyoni chuqur qayta ishlash, butlovchi qismlar hamda tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan butun ishlab chiqarish zanjirini qamrab oladigan model istiqbolli hisoblanadi.

Ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, texnologiyalar transferi, muhandislarni tayyorlash hamda uchinchi davlatlar bozorlariga birgalikda chiqish ushbu sheriklikning uzoq muddatli va chinakam o‘zaro manfaatli bo‘lishini taʼminlashi mumkin.

Ikkinchi muhim jihat – loyihalarning mintaqaviy xususiyatga ega bo‘lishi. Bugungi kunda Markaziy Osiyoning deyarli barcha davlatlari sanoatni modernizatsiya qilish, transport bog‘liqligini rivojlantirish, raqamlashtirish, suv va energiya samaradorligini oshirishdan manfaatdor.

Shu bois, “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” formatidan beshta ikki tomonlama yo‘nalish yig‘indisi sifatida emas, balki mintaqaning bir nechta davlatini birlashtiradigan loyihalarni amalga oshirish mexanizmi sifatida foydalanish maqsadga muvofiq.

Bunday loyihalar transchegaraviy ishlab chiqarish zanjirlari, raqamli logistika, energetika infratuzilmasi, suv tejovchi texnologiyalar va kadrlar tayyorlash sohalarini qamrab olishi mumkin.

Texnologik sheriklik ayniqsa istiqbolli yo‘nalish hisoblanadi. Koreya Respublikasi elektronika, avtomobilsozlik, akkumulyator texnologiyalari, sunʼiy intellekt, energetika mashinasozligi, tibbiyot, suv resurslarini boshqarish va sanoatni raqamlashtirish sohalarida kuchli salohiyatga ega.

Markaziy Osiyo esa o‘sib borayotgan bozor, yosh demografik salohiyat, katta resurs bazasi hamda izchil rivojlanayotgan sanoat infratuzilmasiga ega. Ushbu ustunliklarning uyg‘unlashuvi iqtisodiy hamkorlikning mutlaqo yangi modelini shakllantirishi mumkin.

Bekzod Normatov barqarorlikni taʼminlash masalasiga ham alohida eʼtibor qaratgan. Uning qayd etishicha, hozirgi xalqaro vaziyat global transport, energetika va ishlab chiqarish zanjirlari qanchalik zaiflashganini ko‘rsatmoqda.

Shu sababli, Markaziy Osiyo nafaqat investitsiyalarni jalb qilish, balki muqobil yo‘nalishlar, mahalliy ishlab chiqarish quvvatlari, texnologik salohiyat va malakali kadrlarni o‘z ichiga olgan ichki imkoniyatlarni shakllantirishdan ham manfaatdor. Koreya Respublikasi bunday barqarorlikni taʼminlashda asosiy sheriklardan biriga aylanishi mumkin.

Mutaxassisning taʼkidlashicha, amaliy jihatdan bir nechta ustuvor yo‘nalishga eʼtibor qaratish maqsadga muvofiq. Jumladan, muhim mineral resurslarni chuqur qayta ishlash bo‘yicha qo‘shma loyihalar portfelini shakllantirish, mintaqaviy loyihalarni tayyorlash va moliyalashtirish mexanizmini yaratish, sunʼiy intellekt hamda sanoatni raqamlashtirish sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish zarur.

Shuningdek, suv tejovchi texnologiyalar bo‘yicha qo‘shma dasturlarni yo‘lga qo‘yish hamda muhandislik-texnik kadrlarni tayyorlash ko‘lamini sezilarli darajada kengaytirish muhimdir.

Shu maʼnoda, bo‘lajak sammitning asosiy natijasi imzolangan hujjatlar soni bilan emas, balki munosabatlarni asosan savdo va investitsiyalarga tayangan modeldan qo‘shma ishlab chiqarish, texnologiyalar va inson kapitaliga asoslangan sheriklik darajasiga olib chiqish imkoniyati bilan o‘lchanishi lozim.

Mazkur format O‘zbekiston uchun alohida ahamiyatga ega. Mamlakatimizning Koreya Respublikasi bilan munosabatlari alohida strategik sheriklik xususiyatiga va salmoqli amaliy asosga ega. Shu bois, Toshkent muvaffaqiyatli ikki tomonlama tajribaga bosqichma-bosqich mintaqaviy ko‘lam bag‘ishlash tashabbuskorlaridan biri bo‘lishi mumkin.

O‘zaro munosabatlarda istiqbolli hamkorlik formulasi aniq: Markaziy Osiyo resurslari, bozorlari va strategik geografik joylashuvi Koreya Respublikasining texnologiyalari, kapitali va ilg‘or tajribasi bilan uyg‘unlashib, bevosita mintaqamizda yuqori qo‘shilgan qiymatli qo‘shma mahsulotlar ishlab chiqarishga xizmat qilishi lozim.

Bunday yondashuv “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” formatini aniq mazmun bilan boyitish va uning mintaqa davlatlari uchun amaliy samarasini oshirish imkonini beradi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish