Prezident Shavkat Mirziyoyev 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi qatnashchilariga ishtirokchilariga tabrik yo‘lladi
Sentabr 15, 2026. 20:15 • 4 daq
• 13
(2026-yil 15-sentabr)
Hurmatli Olimpiada ishtirokchilari!
Aziz mehmonlar!
Dunyo shaxmat sportining yorqin namoyandalari bo‘lgan siz, azizlarni qadimiy va mehmondo‘st O‘zbekiston zaminida ilk bor o‘tkazilayotgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining ochilishi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Yer yuzidagi 200 dan ziyod mamlakatdan tashrif buyurgan taniqli grossmeysterlar, murabbiylar va shaxmat ixlosmandlari ishtirok etayotgan ushbu nufuzli sport anjumani uch ming yildan ortiq tarix va madaniyat namunalarini o‘zida mujassam etib kelayotgan ko‘hna Sharq durdonasi – azim Samarqand shahrida o‘tkazilayotgani bayram shukuhini yanada oshirmoqda. Va o‘ylaymanki, sizlar ham buni sezib, his qilib turibsiz.
Bugun bamisoli dunyo shaxmat sporti poytaxtiga aylangan bu ulug‘ shaharga, jonajon O‘zbekistonimizga xush kelibsiz!
Qadrli do‘stlar!
Eng qadimiy intellektual sport o‘yinlaridan biri bo‘lgan shaxmat bizning mamlakatimizda ham o‘zining shonli o‘tmishi, maktab va anʼanalariga ega.
Ayniqsa, mana shu Samarqand shahrini o‘zi asos solgan buyuk davlatning poytaxti va Ikkinchi Renessans markazlaridan biriga aylantirgan Sohibqiron Amir Temur nafaqat strategik fikrlaydigan yengilmas sarkarda, balki mohir shaxmat ustasi ham edi.
Buyuk alloma bobolarimiz – Muhammad Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Boburning ilmiy va badiiy asarlarida shaxmatning inson maʼnaviy kamolotidagi o‘rni alohida taʼkidlangan.
Biz, ana shunday tarixiy anʼanalarga sodiq qolgan holda, Yangi O‘zbekistonda boshqa sport turlari qatori shaxmatni ham “ommaviylikdan – professionallikka” tamoyili asosida eng quyi bo‘g‘in – mahalladan tortib, taʼlim muassasalarigacha rivojlantirishga ahamiyat bermoqdamiz. Yurtimizda bu borada ham yangi avlod iqtidor egalarini tarbiyalashga qaratilgan yaxlit tizim shakllanmoqda.
Bugungi kunda shaxmat bilan ommaviy shug‘ullanuvchilar 2 million nafardan, reytingga ega bo‘lgan professional shaxmatchilarimiz soni esa 6 ming nafardan ziyodni tashkil etmoqda.
Bu haqda so‘z yuritganda, mamlakatimizda xalqaro grossmeyster unvoniga ega bo‘lgan 32 nafar shaxmatchimiz borligini faxr bilan qayd etamiz.
Eʼtiborli jihati shundaki, 5 nafar yetakchi shaxmatchimiz jahon reytingidagi “eng kuchli yuztalik”dan mustahkam o‘rin egallab kelmoqda.
O‘zbekiston erkaklar jamoasi FIDE reytingida 204 ta davlat orasida 8-o‘ringa, ayollar jamoasi esa 20-o‘ringa ko‘tarilgani ham diqqatga sazovordir.
Mamlakatimiz terma jamoasining 2022-yilda 44-Butunjahon shaxmat olimpiadasi g‘olibi bo‘lgani, 2024-yilgi Olimpiadada sovrindorlar safidan joy olgani, isteʼdodli grossmeysterlarimiz nufuzli musobaqalarda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilib kelayotgani, hech shubhasiz, milliy shaxmat sportimiz tarixida yangi sahifalar ochmoqda.
Ayniqsa, navqiron grossmeysterimiz Javohir Sindorovning jahon chempionligi uchun daʼvogarlar turnirida g‘olib bo‘lib, jahon kubogini qo‘lga kiritgani, Nodirbek Abdusattorovning blis bo‘yicha jahon chempionatida kumush medalga sazovor bo‘lgani, yosh shaxmatchilarimiz xalqaro chempionatlarda yuksak o‘rinlarni egallayotgani bizga cheksiz g‘urur bag‘ishlaydi.
Muhtaram mehmonlar!
O‘zbekistonga 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasiga mezbonlik qilish huquqi berilganini biz xalqaro sport hamjamiyatining yurtimizga bo‘lgan yuksak ishonchi sifatida qabul qilamiz.
Samarqand olimpiadasi qizg‘in bellashuvlar, yuksak sport madaniyati, halollik va o‘zaro hurmat ruhida o‘tadi va dunyoga yangi chempionlar va yorqin isteʼdodlarni taqdim etadi deb ishonaman.
Ayni vaqtda bu yerda 3-parashaxmat olimpiadasi va 97-FIDE kongressini yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha ham barcha sharoitlar yaratildi.
Bu boradagi katta tashkiliy va amaliy ko‘magi, yaqin hamkorligi uchun Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) rahbariyati va jamoasiga, shuningdek, barcha hamkor tashkilotlarga samimiy minnatdorlik bildiraman.
Ishonchim komil, mazkur yirik sport anjumanlari dunyo xalqlari o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlikni yana-da mustahkamlashga xizmat qiladi. Ular O‘zbekistonda shaxmatni yana-da ommalashtirish, yosh avlodning intellektual salohiyatini yuksaltirish va mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzini oshirishga munosib hissa qo‘shishi bilan ham ahamiyatlidir.
Qadrli do‘stlar!
Bunday yirik musobaqalar bizning xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz uchun katta bayram, ulkan mahorat maktabiga aylanishi, mamlakatimizning do‘stlik va hamkorlik diyori sifatidagi xalqaro obro‘-eʼtiborini yana-da oshirishiga aminman.
Bugungi olimpiada dunyo yoshlariga muhim bir haqiqatni namoyon etmoqda: insoniyatning umumiy kelajagi kuch emas – aql va bilim, adovat emas – do‘stlik va hamjihatlik, befarqlik emas – ezgu maqsadlar yo‘lidagi qatʼiyat asosida bunyod etiladi.
Sport qanday buyuk kuch, qanday yuksak namuna ekanini bugungi tantanali marosimda ishtirok etayotgan siz, hurmatli sportchilar, faxriylar, ustoz va murabbiylar yaxshi bilasiz.
Ana shunday g‘oyat masʼuliyatli va sharafli ishda faol ishtirok etib kelayotgan siz, azizlarga mustahkam sog‘liq, barcha jamoalarga yutuq va omadlar, kongress ishiga esa muvaffaqiyatlar tilayman.
Barchangizga zafar yor bo‘lsin, O‘zbekistonga xush kelibsiz, aziz mehmonlar!
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi