O‘zbekiston Prezidentining Koreya Respublikasiga davlat tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik va alohida strategik sheriklik tarixida muhim bosqich bo‘ldi

Sentabr 16, 2026. 10:00 • 3 daq

78
O‘zbekiston Prezidentining Koreya Respublikasiga davlat tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik va alohida strategik sheriklik tarixida muhim bosqich bo‘ldi

TOSHKENT, 16-sentabr. /“Dunyo” AA/. Bugun O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Seul shahrida “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” birinchi sammitida ishtirok etadi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Koreya Respublikasiga davlat tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik va alohida strategik sheriklik tarixida muhim bosqich bo‘ldi, – deb yozdi O‘zbekiston Prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov o‘zining telegram-kanalida. – Nihoyatda sermazmun dastur ilk daqiqalardanoq O‘zbekiston Prezidenti va xalqiga nisbatan samimiy mehmondo‘stlik, yuksak ehtirom va chuqur hurmat ruhida o‘tdi.

Tashrifning markaziy voqeasi Prezident Li Chje Myon bilan tor doirada va kengaytirilgan tarkibda o‘tkazilgan muzokaralar bo‘ldi. Yetakchilar ko‘p qirrali hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga bo‘lgan qatʼiy intilishlarini tasdiqladi.

Milliy Assambleya Spikeri Cho Chjon Shik va Bosh vazir Xan Son Suk bilan uchrashuvlarda parlamentlararo aloqalarni, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, texnologik va transport-logistika sohalaridagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish istiqbollari belgilab olindi.

Tashrif dasturida O‘zbekiston – Koreya biznes forumi, qo‘shma loyihalarni ishga tushirish hamda davlatimiz rahbarining Janubiy Koreya biznesi gigantlari va eng yirik moliya institutlari rahbarlari bilan o‘tkazgan qator amaliy uchrashuvlari muhim o‘rin egalladi.

Jumladan, Koreya Eksimbanki, Lotte, Hyundai, KIA, Rotem, Shinhan, KIND, KIGAM, KIRAM, Inchxon xalqaro ayeroporti korporatsiyasi rahbarlari bilan muzokaralar O‘zbekistonda yirik investitsiyaviy va yuqori texnologik loyihalarni amalga oshirish uchun yangi istiqbollarni ochdi.

Tashrifning eng muhim iqtisodiy natijasi misli ko‘rilmagan hujjatlar to‘plami – biznes forum yakunlari bo‘yicha 12 milliard dollarlik investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy bitimlar hamda Koreya Eksimbanki bilan 8 milliard dollarlik sheriklik dasturining qabul qilinishi bo‘ldi.

Ushbu kelishuvlar ilg‘or texnologiyalarni jalb etish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va to‘liq yuqori texnologik ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirish uchun mustahkam zamin yaratadi. Ularning amalga oshirilishi zamonaviy korxonalar va yangi ish o‘rinlarini yaratish, aholi daromadlari va farovonligini oshirishga xizmat qiladi.

Bugun tashrif dasturi Prezident Shavkat Mirziyoyevning birinchi “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” sammitidagi ishtiroki bilan davom etadi. Bunday formatda ilk bor Markaziy Osiyoning besh davlati va Koreya Respublikasi yetakchilari bir maydonda jam bo‘ladi.

Ushbu tarixiy voqea ko‘p yillik mintaqalararo muloqotni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish,unga tizimli va uzoq muddatli tus berish hamda tinchlik, innovatsiyalar va umumiy farovonlik yo‘lida yangi imkoniyatlar ochishga xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish