San-Fransiskoda o‘zbek diasporasi turkiy madaniyat festivalida vatanimiz madaniyatini namoyish etdi

Sentabr 16, 2026. 08:55 • 2 daq

29
San-Fransiskoda o‘zbek diasporasi turkiy madaniyat festivalida vatanimiz madaniyatini namoyish etdi
San-Fransiskoda o‘zbek diasporasi turkiy madaniyat festivalida vatanimiz madaniyatini namoyish etdi

SAN-FRANSISKO, 16-sentabr. /“Dunyo” AA/. San-Fransiskodagi o‘zbek diasporasi vakillari mazkur shaharda bo‘lib o‘tgan “TurkFest SF 2026” turkiy madaniyat festivalida ishtirok etdilar, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Festival doirasida vatandoshlarimiz O‘zbekistonning alohida pavilyonini tashkil etib, unda mamlakatimizning turistik salohiyati, milliy madaniyati, urf-odat va anʼanalari, xalq hunarmandchiligi mahsulotlari hamda milliy taomlarini taqdim etdilar.

O‘zbekiston pavilyoni shahar aholisi va mehmonlarida katta qiziqish uyg‘otdi. Tashrif buyuruvchilar mamlakatimiz, uning tarixiy shaharlari va turistik yo‘nalishlari haqidagi maʼlumotlar bilan tanishdilar, O‘zbekistonga sayohat qilish imkoniyatlari bilan qiziqdilar hamda diaspora vakillari bilan muloqot qilib, milliy ekspozitsiya fonida suratga tushdilar.

Tadbirda o‘zbek yoshlarining ishtirokiga alohida eʼtibor qaratildi. Yosh vatandoshlarimiz tadbirni o‘tkazish va milliy madaniyatni taqdim etish jarayonlariga bevosita jalb etildi.

O‘zbekistonning Nyu-Yorkdagi Bosh konsulxonasida o‘zbek diasporasining bu kabi tashabbuslari AQShda mamlakat madaniyati va turistik salohiyatini targ‘ib qilish, shuningdek, yosh avlod o‘rtasida milliy anʼanalarni saqlab qolishda muhim ahamiyatga ega ekani taʼkidlandi.

— Biz vatandoshlarimizning faolligini qo‘llab-quvvatlash va yangi madaniy hamda jamoatchilik tashabbuslarini amalga oshirishda zarur ko‘makni ko‘rsatishda davom etamiz. Bu ishga ildizlari, madaniyati va anʼanalari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘layotgan yoshlarimizning yana-da faol qo‘shilayotgani ayniqsa muhimdir, — dedi o‘zbek diplomatlari.

Tadbir yakunida AQShda O‘zbekistonni yana-da targ‘ib qilish va vatandoshlarning yurt bilan aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan madaniy va jamoatchilik tadbirlarini o‘tkazish bo‘yicha San-Fransiskodagi o‘zbek jamoasi bilan hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish