Seulda "Mirziyoyev doktrinasi: global beqarorlik davridagi imkoniyatlar diplomatiyasi" nomli kitobning koreys tilidagi nashri taqdimoti bo‘lib o‘tdi
Noyabr 13, 2026. 21:30 • 2 daq
• 10SEUL, 13-noyabr. /"Dunyo" AA/. O‘zbekiston parlament delegatsiyasining Koreya Respublikasiga rasmiy tashrifi doirasida Seul shahrida "Mirziyoyev doktrinasi: global beqarorlik davridagi imkoniyatlar diplomatiyasi" nomli kitobning koreys tilidagi nashri taqdimoti bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Parlamentimiz yuqori palatasi ma’lumotiga ko‘ra, tadbirda Koreya Respublikasining ilmiy va ishbilarmon doiralari vakillari, yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva o‘z so‘zida Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, mamlakat tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlari hamda xalqaro hamkorlikning amaliy natijalari haqida fikr yuritdi.
Ta’kidlanganidek, kitobda inson manfaatlari yo‘lida amalga oshirilayotgan Yangi O‘zbekiston tashqi siyosati, yaxshi qo‘shnichilik, ochiqlik, o‘zaro ishonch va pragmatik hamkorlik tamoyillari asosida olib borilayotgan diplomatik sa’y-harakatlar keng yoritilgan.
Xususan, Markaziy Osiyoda do‘stona munosabatlarni mustahkamlash, mintaqaviy barqarorlikni ta’minlash, xalqaro iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, investitsiyalar jalb etish hamda fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida erishilgan natijalarga e’tibor qaratildi.
Shuningdek, O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi alohida strategik sheriklik munosabatlari, sanoat, transport, ta’lim, tibbiyot va yuqori texnologiyalar sohalaridagi qo‘shma loyihalar ikki mamlakat hamkorligining amaliy ifodasi ekani qayd etildi.
Mamlakatimizda inson huquqlarini ta’minlash, majburiy mehnatga barham berish, gender tenglikni mustahkamlash, ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish hamda ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish yo‘nalishlarida amalga oshirilgan islohotlar haqida ham to‘xtalib o‘tildi.
Tadbirda O‘zbekistonning so‘nggi o‘n yillikdagi ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti, aholi farovonligini oshirish, kambag‘allikni qisqartirish va ilm-fan sohasini rivojlantirish borasidagi natijalar alohida ta’kidlandi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi



