2027-yilgi Davlat byudjeti ham ijtimoiy yo‘naltirilgan bo‘ladi
Noyabr 13, 2026. 20:31 • 5 daq
• 73
TOSHKENT, 13-noyabr. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun 2027-yil uchun Davlat byudjetining maqsadli ko‘rsatkichlari, asosiy makroiqtisodiy prognozlar hamda byudjet-soliq siyosatining ustuvor yo‘nalishlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, joriy yil yakunida mamlakatimiz iqtisodiyoti kamida 8 foizga o‘sishi, yalpi ichki mahsulot hajmi 200 milliard dollardan, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromad esa 5,2 ming dollardan oshishi kutilmoqda.
Erishilgan natijalar iqtisodiyotni rivojlantirishning yangi bosqichiga o‘tish uchun mustahkam zamin yaratmoqda. Xususan, 2030-yilga borib yalpi ichki mahsulot hajmini 300 milliard dollarga, kelgusi o‘n yilda aholi jon boshiga daromadni 10 ming dollarga yetkazish maqsad qilingan.
Konstitutsiyamizda O‘zbekistonning ijtimoiy davlat ekani mustahkamlab qo‘yilgan, inson, uning hayoti va qadr-qimmati oliy qadriyat sifatida e’tirof etilgan. “Inson qadri uchun” degan ezgu tamoyil Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan barcha islohotlarning bosh mezoniga aylangan. Zero, iqtisodiy taraqqiyotning asl mazmun-mohiyati, eng avvalo, uning samarasi har bir inson, har bir oila hayotida sezilishi, xalqimiz farovonligi yuksalishi, sifatli ta’lim va tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlari kengayishi hamda munosib turmush sharoitlari yaratilishida namoyon bo‘lishi lozim
Davlat byudjetining ijtimoiy yo‘naltirilganligi kelgusi yilda ham saqlab qolinishi aynan shu ustuvor maqsadlarga xizmat qiladi.
Jumladan, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni moliyalashtirish uchun jami 176 trillion so‘mga yaqin mablag‘ yo‘naltirish rejalashtirilmoqda. Ta’limga 114,3 trillion so‘m (o‘tgan yildan 14 trillion so‘m ko‘p), tibbiyotga 61,4 trillion so‘m (o‘tgan yildan 12 trillion so‘m ko‘p) ajratilishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, hududlar va mahallalar infratuzilmasini yaxshilash, aholi bandligi va daromadlarini oshirish, inson kapitalini rivojlantirish hamda ijtimoiy himoyani kuchaytirish uchun 70 trillion so‘m ajratilishi belgilanmoqda.
Ijtimoiy majburiyatlarni barqaror moliyalashtirish uchun iqtisodiyotning yillik o‘sish sur’atlarini kamida 7 foiz darajasida ta’minlash, mavjud zaxiralar va yangi texnologik omillarni ishga solish zarurligi ta’kidlandi.
Shu maqsadda kelgusi yildan iqtisodiy o‘sishning yangi modeliga o‘tish, har bir tarmoqda yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish, mehnat unumdorligini oshirish, eksport salohiyatini kengaytirish va yuqori daromadli ish o‘rinlarini ko‘paytirish asosiy vazifalar etib belgilanmoqda.
Yig‘ilishda uzoq muddatli yuqori iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga qaratilgan yangi yondashuvlar ko‘rib chiqildi. Xalqaro tajriba barqaror taraqqiyotning asosiy omillari eksportga yo‘naltirilgan raqobatbardosh ishlab chiqarish, texnologiyalar transferi, investitsiyalar samaradorligi, makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiy siyosatning o‘zgaruvchan sharoitlarga moslashuvchanligi ekanini ko‘rsatmoqda.
Shundan kelib chiqib, iqtisodiy o‘sishning yangi modeli asosini zamonaviy sanoat siyosati tashkil etishi belgilanmoqda. Ushbu siyosat yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar tayyorlashga o‘tish, ilg‘or texnologiyalarni jalb qilish, milliy korxonalarning xalqaro ishlab chiqarish zanjirlariga integratsiyasini kuchaytirish va eksport tarkibini diversifikatsiya qilishga qaratilgan.
Xususan, kimyo va neft-kimyo, mashinasozlik, elektrotexnika, to‘qimachilik, farmatsevtika va boshqa istiqbolli sanoat tarmoqlarini jadal rivojlantirish bo‘yicha yangi strategiya ishlab chiqilmoqda.
Yangi sanoat siyosati doirasida har bir ustuvor tarmoqqa yirik xalqaro kompaniyalar va brend investorlarni jalb qilish, zamonaviy sanoat zonalarini shakllantirish, mahalliylashtirishni chuqurlashtirish hamda korxonalarning texnologik salohiyatini oshirish rejalashtirilmoqda. 2027-yilda har bir istiqbolli tarmoqqa kamida 2–3 tadan yirik investorni jalb qilish ko‘zda tutilgan.
Shu bilan birga, yarimo‘tkazgichlar, robototexnika, biotexnologiyalar, elektromobillar uchun yuqori texnologik butlovchi qismlar va akkumulyatorlar ishlab chiqarish kabi yangi yo‘nalishlarni o‘zlashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu maqsadlarni amalga oshirish uchun xalqaro brendlarni jalb qilish, ilmiy-tadqiqot va ishlanmalarni qo‘llab-quvvatlash hamda raqobatbardosh milliy ishlab chiqaruvchilarni rivojlantirishning yangi rag‘batlantirish mexanizmlari ko‘zda tutilmoqda.
Iqtisodiy o‘sishning davomiyligini ta’minlash uchun tarkibiy islohotlarni izchil davom ettirish ham muhim ahamiyatga ega. Bu borada davlat korxonalari va banklarini transformatsiya qilish, xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish, energetika va transport infratuzilmasini takomillashtirish, inson kapitalini rivojlantirish hamda Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonini yakunlash ustuvor vazifalar sifatida ko‘rsatildi.
Bunda davlat investitsiyalarini xususiy kapital uchun qulay sharoit yaratishga yo‘naltirish, iqtisodiy o‘sishni moliyalashtirishning zamonaviy mexanizmlarini shakllantirish va investitsiyalarning iqtisodiy samaradorligini oshirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Yig‘ilishda 2027-yilga mo‘ljallangan asosiy makroiqtisodiy prognozlar ko‘rib chiqildi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, yalpi ichki mahsulot hajmi 2027-yilda 232 milliard dollarga yetishi prognoz qilinmoqda.
Shu bilan birga, inflyatsiya darajasini 2027-yilda 6 foizga, 2028–2029-yillarda esa 5 foizgacha pasaytirish, oltinsiz eksport hajmini 2027-yilda qariyb 40 milliard dollarga yetkazish nazarda tutilmoqda.
Taqdimotda 2027-yil uchun Davlat byudjeti daromadlarini 416 trillion so‘m, xarajatlarini esa 464 trillion so‘m miqdorida belgilash nazarda tutilayotgani ma’lum qilindi. Byudjet loyihasi iqtisodiy o‘sishning 7 foizlik prognozi asosida shakllantirilmoqda.
Jahondagi geosiyosiy va iqtisodiy noaniqliklar sharoitida makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, kelgusi yilda inflyatsiyani 6 foizdan oshirmaslik, umumiy fiskal taqchillikni yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foiz doirasida saqlash muhim vazifa etib belgilandi.
2027-yilda-ham asosiy soliq stavkalarini o‘zgarishsiz saqlash ko‘zda tutilmoqda. Bunday sharoitda byudjet daromadlarini ko‘paytirishning asosiy manbai iqtisodiy faollikni rag‘batlantirish, soliq bazasini kengaytirish, yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish hamda soliq va bojxona ma’murchiligini takomillashtirish bo‘lishi ta’kidlandi.
Shu munosabat bilan raqamlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish orqali soliq va bojxona tushumlarini qo‘shimcha oshirish, tadbirkorlar uchun qulay va shaffof muhit yaratish yuzasidan aniq vazifalar belgilandi.
Prezidentimiz byudjet xarajatlarining har bir so‘mi aniq natija berishi lozimligini ta’kidladi. Shu bois, mablag‘larni maqsadli yo‘naltirish, samarasiz xarajatlarni qisqartirish, davlat investitsiyalari va subsidiyalarining natijadorligini oshirish, byudjet intizomini kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Xususan, investitsiya dasturi doirasidagi qurilish loyihalarida byudjet mablag‘larining sarflanishini to‘liq kuzatib borish imkonini beradigan raqamli nazorat tizimini sinov tariqasida joriy etish vazifasi qo‘yildi.
Yig‘ilish iqtisodiy o‘sishni moliyalashtirishning yangi mexanizmlari ham muhokama qilindi. Bank tizimida xususiy kapital ishtirokini kengaytirish, kredit resurslarini ko‘paytirish, investitsiya loyihalarini moliyalashtirishda davlat-xususiy sheriklik imkoniyatlaridan foydalanish va xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikni jadallashtirish zarurligi qayd etildi.
Mutasaddilarga 2027-yilda 65 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilish bo‘yicha tarmoqlar hamda hududlar kesimida aniq rejalar ishlab chiqish topshirildi.
Yig‘ilishda bildirilgan fikr va takliflar asosida 2027-yil uchun Davlat byudjeti loyihasining asosiy yo‘nalishlari belgilab olindi.
Qonunchilikka muvofiq, bu loyiha va uning ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari mahalliy Kengashlarda muhokama qilinadi hamda yakunda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi