Ozgur Onur Ozgyuven: Turkiya va O‘zbekiston va o‘rtasidagi tovar aylanmasini yaqin kelajakda 5 milliard dollarga, uzoq muddatli istiqbolda esa 10 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilganlar

Sentabr 12, 2026. 11:00 • 2 daq

83
Ozgur Onur Ozgyuven: Turkiya va O‘zbekiston va o‘rtasidagi tovar aylanmasini yaqin kelajakda 5 milliard dollarga, uzoq muddatli istiqbolda esa 10 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilganlar

TOSHKENT, 12-sentabr. /“Dunyo” AA/. Tashqi iqtisodiy aloqalar kengashi (DEİK) huzuridagi “Turkiya–O‘zbekiston” Ishbilarmonlar kengashi raisi Ozgur Onur Ozgyuven “Turkiye‘de İş Dünyası” portaliga bergan intervyusida ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari haqida so‘zlab berdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2025-yilda Turkiya va O‘zbekiston va o‘rtasidagi tovar aylanmasi 3,1 milliard dollarga yetdi. Tomonlar yaqin kelajakda ushbu ko‘rsatkichni 5 milliard dollarga, uzoq muddatli istiqbolda esa 10 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilganlar.

Ozgur Onur Ozgyuven iqtisodiy hamkorlik oddiy savdo chegaralaridan chiqib, tobora qo‘shma ishlab chiqarish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarga asoslanayotganini taʼkidladi. Uning baholashicha, O‘zbekistonning 2030-yilgacha mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi turk biznesi uchun qurilish, energetika, sanoat, to‘qimachilik, turizm, oziq-ovqat sanoati va logistika sohalarida yangi imkoniyatlar ochmoqda.

Mahsulotlarni lokalizatsiya qilishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Turk kompaniyalari tayyor mahsulot eksporti o‘rniga mahalliy xomashyo va resurslardan foydalangan holda O‘zbekistonda qo‘shma korxonalar tashkil etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqdalar.

“O‘zbekistonga faqat ichki bozor nuqtai nazaridan baho berish noto‘g‘ri bo‘lar edi”, – dedi u va mamlakat orqali Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston hamda Afg‘oniston bozorlariga chiqish imkoniyatlari mavjudligini qayd etib.

Eng istiqbolli yo‘nalishlar sifatida qurilish va shaharsozlik, jumladan, Yangi Toshkent loyihasi, qayta tiklanadigan energetika, qurilish materiallari ishlab chiqarish, to‘qimachilik sanoati, qayta ishlash va oziq-ovqat sohalari tilga olindi.

Ozgyuvenning taʼkidlashicha, O‘rta koridorni rivojlantirish, bojxona tartib-qoidalarini raqamlashtirish va transport infratuzilmasini kengaytirish logistika xarajatlarini kamaytirishga hamda O‘zbekistonning turk kompaniyalari uchun mintaqaviy ishlab chiqarish va tarqatish markazi sifatidagi rolini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Iqtisodiy hamkorlikning keyingi bosqichida qo‘shma ishlab chiqarishni rivojlantirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hajmini oshirish va O‘zbekistonning eksport salohiyatidan samarali foydalanish asosiy yo‘nalishlarga aylanishi kutilmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish