Xitoylik shifokorlar Xorazmda jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazdi
Sentabr 13, 2026. 14:30 • 2 daq
• 212URGANCH, 13-sentabr. /“Dunyo” AA/. Xitoydagi Fudan universiteti bolalar kasalxonasi, “Sir Run Run Shaw” shifoxonasi, “Future Smile” jamg‘armasi hamda “Meihao Tuoxin Biotechnology Co., Ltd.” kompaniyasi tibbiyot xodimlaridan iborat delegatsiyaning Xorazm viloyatiga xizmat safari amalga oshirildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekistonning Shanxaydagi Bosh konsulxonasi maʼlumotlariga ko‘ra, tashrif davomida Xorazm viloyati ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markazida 68 nafar bemorda diagnostika va 30 ta jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. Xorijlik shifokorlar urologik, yuz-jag‘, plastik, ortopedik va umumiy jarrohlik yo‘nalishlari bo‘yicha bemorlarni qabul qildi.
Shu bilan birga, chet ellik mutaxassislar ishtirokida tuman tibbiyot muassasalari shifokorlari uchun trening tashkil etildi hamda texnik yordam sifatida videolaringoskop topshirildi. Delegatsiya diqqatga sazovor joylarni ko‘rish maqsadida Samarqand viloyatiga tashrif buyurdi.
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi tavsiyasiga ko‘ra, delegatsiya Farg‘ona viloyatiga tashrif buyurib, bu yerdagi ko‘p tarmoqli bolalar markazi bilan 2027-yilning birinchi yarmida mahalliy bolalarda jarrohlik operatsiyalarini amalga oshirish masalasini kelishib oldi.
“Meihao Tuoxin Biotechnology Co., Ltd.” kompaniyasi vakillari va Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi o‘rtasida O‘zbekiston hududida tibbiy asbob-uskunalar va tibbiy-kosmetika mahsulotlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muzokaralar olib borildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi



