YUNЕSKOda O‘zbekistonning madaniy merosni asrab-avaylash tashabbusi taqdim etildi
Oktabr 02, 2026. 12:30 • 2 daq
• 35
PARIJ, 2-oktabr. /“Dunyo” AA/. YUNЕSKO bosh qarorgohida O‘zbekistonning globallashuv va iqlim o‘zgarishi sharoitida madaniy merosni saqlash bo‘yicha chora-tadbirlarni kuchaytirish tashabbusiga bag‘ishlangan axborot sessiyasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbir O‘zbekiston tashabbusi bilan kiritilgan YUNЕSKO Ijroiya kengashining 225-sessiyasi qarori loyihasi munosabati bilan O‘zbekistonning YUNЕSKOdagi doimiy vakolatxonasi tomonidan tashkilotga a’zo davlatlar uchun tashkil etildi.
Uchrashuvda YUNЕSKOga a’zo davlatlar va tashkilot Kotibiyati vakillari ishtirok etdi.
Qaror loyihasi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan YUNЕSKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi ochilishida ilgari surilgan tashabbuslarning davomi bo‘ldi. Davlatimiz rahbari Ijroiya kengashining tegishli qarorini ishlab chiqish va Xivada madaniy merosni asrash bo‘yicha xalqaro simpozium o‘tkazishni taklif qilgan edi.
Sessiya davomida ishtirokchilarga qaror loyihasining asosiy maqsad va mazmuni, uning YUNЕSKOning amaldagi konvensiyalari, dasturlari va ilgari qabul qilingan qarorlari bilan bog‘liqligi taqdim etildi.
Tashabbusning amaliy yo‘naltirilgani hamda madaniy merosni muhofaza qilish sohasida xalqaro va tarmoqlararo hamkorlikni mustahkamlash zarurligiga alohida e’tibor qaratildi.
Asosiy amaliy tadbirlardan biri 2027-yilda Xivada o‘tkazilishi rejalashtirilgan globallashuv va iqlim o‘zgarishi sharoitida madaniy merosni muhofaza qilish bo‘yicha xalqaro simpozium bo‘ladi.
Simpozium YUNЕSKOning turli mintaqalaridan mutaxassislar ishtirokida milliy va mintaqaviy tajriba, bilim va amaliy yechimlar almashish maydoniga aylanishi kutilmoqda.
Axborot sessiyasi YUNЕSKO Ijroiya kengashining 225-sessiyasida qaror loyihasini ko‘rib chiqish arafasida a’zo davlatlar bilan maslahatlashuvlarni davom ettirish imkonini berdi.
Tashabbusning ilgari surilishi O‘zbekistonning madaniy merosni asrab-avaylash sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish va YUNЕSKO doirasida bu ishga amaliy hissa qo‘shish istagini aks ettiradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi