O‘zbekistonning Shtutgartdagi xalqaro turizm ko‘rgazmasidagi ishtiroki muhokama qilindi
Iyul 14, 2026. 11:00 • 2 daq
• 116
SHTUTGART, 14-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Frankfurt-Mayn shahridagi Bosh konsulxonasi diplomatlari Shtutgartdagi “Messe Stuttgart” markazi rahbariyati bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muzokaralarda “Messe Stuttgart” markazining xorijda tadbirlar va ko‘rgazmalar tashkil etish bo‘yicha direktori Aleksandr Ege, muassasa rahbari Roland Blaynrot hamda O‘zbekiston Bosh konsuli Miranshoh Raupov o‘zaro aloqalarni kengaytirish yuzasidan fikr-mulohaza almashdi.
Roland Blaynrot kompaniya faoliyati, xalqaro ko‘rgazmalarni tashkil etish sohasidagi tajribasi, mazkur tadbirlarning turli iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirishdagi ahamiyati haqida maʼlumot berdi.
U Yevropa turistik industriyasining eng nufuzli tadbirlaridan biri “Caravan, Motor and Touristik” (Karvon, Avtomobil va Turizm, “CMT”) xalqaro turizm ko‘rgazmasi xususida alohida to‘xtalib o‘tdi.
Bosh konsul Miranshoh Raupov so‘nggi yillarda O‘zbekistonda turizm sohasini rivojlantirish, zamonaviy turistik infratuzilmani shakllantirish, yangi sayyohlik yo‘nalishlarini yaratish hamda sayyohlar uchun qulay sharoitlar taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida so‘z yuritdi.
Germaniya va G‘arbiy Yevropaning boshqa davlatlaridan O‘zbekistonga tashrif buyurayotgan sayyohlar soni izchil oshib borayotgani, mamlakatimizning boy tarixiy-madaniy merosi va turistik salohiyatiga bo‘lgan qiziqish tobora kuchayib borayotgani qayd etildi.
Uchrashuvda O‘zbekistonni kelgusi “CMT” ko‘rgazmasining asosiy hamkor davlati sifatida ishtirok etish imkoniyati ko‘rib chiqildi. Roland Blaynrot mazkur tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, Buyuk Ipak yo‘li mamlakatlariga Germaniya jamoatchiligi va turizm sohasi vakillari tomonidan katta qiziqish bildirilayotganini taʼkidladi.
Shuningdek, kompaniya rahbari noyabr va fevral oylarida Leypsig hamda Gamburg shaharlarida o‘tkaziladigan yirik turistik ko‘rgazmalarda O‘zbekiston milliy stend bilan hamda mahalliy turizm kompaniyalari vakillari ishtirokini taʼminlash muhimligini qayd etdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar takliflar bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqish, maʼlumot va fikr almashish, O‘zbekistonning xalqaro turistik ko‘rgazmalardagi ishtirokini tashkil etish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi.
“CMT” ko‘rgazmasi 1968-yildan buyon o‘tkazib kelinadi. Mazkur ko‘rgazma isteʼmolchilar uchun mo‘ljallangan dunyodagi eng yirik turizm tadbirlaridan biri hisoblanadi. Har yili Shtutgart shahrida tashkil etiladigan ko‘rgazma 100 dan ortiq mamlakatdan 1 600 dan ziyod kompaniya va 260 mingdan ortiq sayyohlik sohasi vakillarini bir maydonga jamlaydi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi