Oqtovda O‘zbekistonning tibbiy turizm salohiyatiga bag‘ishlangan “Infotur” tashkil etildi
Iyul 07, 2026. 16:00 • 2 daq
• 76
OQTOV, 7-iyul. /“Dunyo” AA/. Joriy yilning 5-6-iyul kunlari O‘zbekistonning Oqtov shahridagi Bosh konsulxonasi hamda “AKFA Medline” klinikasi bilan hamkorlikda G‘arbiy Qozog‘iston viloyatlarining yirik turoperatorlari uchun “Infotur” tashkil etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda Oqtov mahalliy turistik bozorining yetakchi vakillari, xususan, “GO TRAVEL PRO”, “TRAVEL TOP”, “Sanrise”, “Kumis Jebe”, “Khan-Turan Travel”, “Easy Travel”, “Clover Tour” va “Aliance Tour” kabi yirik sayyohlik kompaniyalari rahbarlari va masʼul vakillari ishtirok etdilar.
“Infotur” doirasida qozog‘istonlik hamkorlarga O‘zbekistonda tibbiy turizm sohasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar va yangiliklar, yurtimizda davolash samaradorligini oshirish borasida yaratilgan zamonaviy sharoitlar haqida batafsil maʼlumot berildi. Xususan, “AKFA Medline” klinikasida qo‘llanilayotgan eng so‘nggi rusumdagi tibbiyot uskunalari, innovatsion diagnostika usullari va robotlashgan jarrohlik tizimlari imkoniyatlariga bag‘ishlangan taqdimot xorijlik turoperatorlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida tibbiy turizm yo‘nalishidagi hamkorlikni yana-da kengaytirish, ikki mamlakat fuqarolari uchun sifatli sog‘lomlashtirish xizmatlarini nazarda tutuvchi qo‘shma turistik tashabbus va paketlarni amalga oshirish borasida muhim kelishuvlarga erishdilar.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi