TIVda Indoneziya, Malayziya va Singapurdan O‘zbekistonga ko‘proq sayyohlarni jalb qilish masalalari muhokama qilindi
Iyul 14, 2026. 10:00 • 2 daq
• 149TOSHKENT, 14-iyul. /“Dunyo” AA/. Kecha Tashqi ishlar vazirligida davlatimiz rahbarining 2021-yil 9-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 9-yanvardagi “Umra plyus” ziyorat turizmi dasturini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini taʼminlash doirasida Indoneziya, Malayziya va Singapurdan mamlakatimizga tashrif buyurayotgan sayyohlar oqimini kengaytirishga qaratilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
TIV maʼlumotiga ko‘ra, gibrid formatda tashkil etilgan ushbu yig‘ilishda O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi, Texnik jihatdan tartibga solish agentligi, Buxoro, Samarqand viloyatlari va Toshkent shahri hokimliklari, “Uzbekistan Airways” AJ, “Uzbekistan Airports” AJ, mahalliy aviatashuvchi kompaniyalar, “Uzbekistan–Malaysia–Indonesia Travel Association”, “Umra ziyoratlari sayyohlik agentliklari assotsiatsiyasi”, shuningdek, turistik kompaniyalarning 40 nafarga yaqin vakillari ishtirok etishdi.
Yig‘ilishda Janubiy-Sharqiy Osiyo davlatlaridan O‘zbekistonga sayyohlar oqimini oshirish yo‘lidagi transport-logistika, xizmat ko‘rsatish va targ‘ibot masalalari atroflicha muhokama qilindi. Xususan, Malayziyadan qatnovlarni ko‘paytirish hamda Indoneziya va Singapurdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareyslarni yo‘lga qo‘yish, “Umra+” dasturi doirasida ziyorat turizmi bo‘yicha targ‘ibot ishlarini jadallashtirish, xorijiy ziyoratchilar uchun infratuzilmani xalqaro halol standartlariga moslashtirish va sayyohlik kompaniyalar bilan ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlarni muvofiqlashtirish masalalari muhokama qilindi.
Tadbir “muammo-taklif-yechim” formatidagi ochiq muloqot ko‘rinishida bo‘lib o‘tdi va unda tomonlar sohadagi muammo hamda mavjud imkoniyatlar yuzasidan konstruktiv fikr almashishdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi



