Sietlda “Omonatim” o‘zbek filmi premyerasi bo‘lib o‘tdi
May 21, 2026. 14:55 • 2 daq
• 64SIETL, 21-may. /“Dunyo” AA/. AQSHning Sietl shahrida mahalliy aholi va vatandoshlar ishtirokida “Omonatim” o‘zbek badiiy filmi premyerasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Film premyerasiga Sietl–Toshkent birodarlashgan shaharlar tashkiloti aʼzolari, AQSHda istiqomat qilayotgan vatandoshlar hamda mahalliy aholi vakillari tashrif buyurdi.
“Omonatim” filmi o‘zbek oilaviy anʼanalari, milliy urf-odatlari va iliq, samimiy muhit tasviri bilan tomoshabinlarni maftun etdi. O‘zbekistonning tarixiy obidalari, betakror tabiati va milliy ruhiyati aks etgan sahnalar amerikalik mehmonlarda alohida qiziqish uyg‘otdi.
Tadbirda rejissyor Abbos Abdullayev so‘zga chiqib, so‘nggi yillarda o‘zbek kinosi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, yosh ijodkorlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, milliy filmlarni xalqaro maydonga olib chiqish borasidagi ishlar haqida so‘z yuritdi.
Shuningdek, rejissyor “Omonatim” filmining yaratilish tarixi va uning asosiy g‘oyasi haqida to‘xtalib o‘tdi. Namoyishdan so‘ng, film ijodkorlari bilan muloqot o‘tkazilib, film mazmuni, qahramonlar obrazi va suratga olish jarayonlari haqida savol-javob bo‘lib o‘tdi.
Ishtirokchilar O‘zbekistonning Vashington shtatidagi diplomatik vakolatxonasi faoliyatini alohida eʼtirof etib, diplomatlar vatandoshlar bilan aloqalarni mustahkamlash borasida turli chora-tadbirlarni amalga oshirayotganini taʼkidladi.
Amerikalik tomoshabinlar O‘zbekiston madaniyati va sayyohlik salohiyatiga qiziqishi ortib borayotganini qayd etib, kelajakda mamlakatga tashrif buyurish istagini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, yil boshida “Omonatim” filmi Vashingtonda ham namoyish etilgan edi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi







