Toshkentda O‘zbekiston-Germaniya ishbilarmonlar kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
May 21, 2026. 15:25 • 2 daq
• 2TOSHKENT, 21-may. /“Dunyo” AA/. Poytaxtimizda O‘zbekiston-Germaniya ishbilarmonlar kengashining 10-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbir ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yana-da kengaytirish, yangi qo‘shma loyihalarni ilgari surish hamda ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi amaliy muloqotni mustahkamlashga qaratildi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov, “Knauf Group” kompaniyasining ijrochi hamkori Uve Knotser, Germaniya iqtisodiyoti Sharqiy qo‘mitasi direktori Mixaelm Xarms hamda GFRning mamlakatimizdagi elchisi Manfred Xuterer ishtirok etdi.
So‘zga chiqqanlar O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi iqtisodiy sheriklik izchil rivojlanib borayotgani, so‘nggi yillarda ikki mamlakat kompaniyalari o‘rtasidagi aloqalar yangi bosqichga ko‘tarilganini taʼkidladilar. Unda Germaniya ishbilarmon doiralarining O‘zbekiston bozoriga qiziqishi ortib borayotgani alohida qayd etildi. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, qulay investitsiya muhiti va infratuzilmani modernizatsiya qilish jarayonlari xorijiy investorlar uchun yangi imkoniyatlar yaratayotgani bildirildi.
Ishbilarmonlar kengashining Mixaelm Xarms moderatorligida o‘tgan yig‘ilishi avtosanoat, IT, geologiya va sanoat sohalariga investitsiya kiritish masalalariga bag‘ishlandi. Unda “O‘zavtosanoat”, “Volkswagen”, “IT Park”, “Schwarz Digits”, “Henkel”, “CLAAS”, “Control Union”, “Telc”, “Ernst Klett Sprachen”, “Procab”, “Akfa group”, “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” va “Yangi O‘zbekiston” universiteti vakillari maʼruzalar bilan ishtirok etdi. Tadbir davomida ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazildi.
Muzokaralarda qurilish materiallari ishlab chiqarish, energiya samaradorligini oshirish, shahar infratuzilmasini modernizatsiya qilish, “yashil” texnologiyalarni joriy etish va istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi. Shuningdek, qurilish va kommunal sohalarga zamonaviy yondashuvlarni olib kirish, shahar infratuzilmasini rivojlantirish, energiya tejamkor texnologiyalardan foydalanish hamda Germaniya tajribasini O‘zbekiston amaliyotiga tatbiq etish masalalariga eʼtibor qaratildi.
Bundan tashqari, malakali kadrlar tayyorlash, kasbiy taʼlimni rivojlantirish, innovatsion yechimlarni qo‘llash va Germaniya kompaniyalari bilan amaliy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha fikr almashildi. Ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari o‘rtasida B2B uchrashuvlar o‘tkazildi. Ularda qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish, investitsiya tashabbuslarini ilgari surish va o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi







