Ispaniyada Amir Temur va Rui Gonsales de Klavixoning diplomatik munosabatlariga bag‘ishlangan roman nashr qilindi

May 21, 2026. 14:25 • 4 daq

31
Ispaniyada Amir Temur va Rui Gonsales de Klavixoning diplomatik munosabatlariga bag‘ishlangan roman nashr qilindi
Ispaniyada Amir Temur va Rui Gonsales de Klavixoning diplomatik munosabatlariga bag‘ishlangan roman nashr qilindi

MADRID, 21-may. /“Dunyo” AA/. Taniqli ispan yozuvchisi va tarixchisi Antonio Torremocha Silvaning Amir Temur saroyiga tashrif buyurgan kastiliyalik elchi Rui Gonsales de Klavixoning diplomatik missiyasiga bag‘ishlangan “Samarqandga elchilik” nomli tarixiy romani nashrdan chiqdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ushbu asarda Kastiliya qiroli Genrix III tomonidan Usmonlilar imperiyasining kuchayishi fonida Temuriylar davlati bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatish maqsadida Samarqandga yuborilgan Rui Gonsales de Klavixoning sayohati tasvirlangan.

Roman syujeti 1403–1406-yillardagi voqealarni qamrab oladi. Muallif ispan elchiligining O‘rta yer dengizi, Konstantinopol, Kichik Osiyo, Fors va Markaziy Osiyo orqali Temuriylar davlati poytaxti va o‘sha davrning eng yirik siyosiy, ilmiy va madaniy markazlaridan biri bo‘lgan Samarqandgacha bo‘lgan yo‘lini batafsil tasvirlaydi.

Kitobda Temuriylar davridagi Samarqandning ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga alohida eʼtibor qaratilgan. Asarda Buyuk Ipak yo‘li karvon yo‘nalishlari, saroy madaniyati, diplomatik marosimlar, xalqaro savdo va XV asrda Sharq va G‘arb o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarning muhim markazi bo‘lgan shahar muhiti tasvirlangan. Shuningdek, madaniyatlararo muloqot, diplomatiya va shaxsning o‘rta asrlar xalqaro munosabatlaridagi roli mavzulariga ham to‘xtalib o‘tilgan.

Romanning tarixiy asosini XV asr boshlarida Temuriylar davlati va Yevropa davlatlari o‘rtasidagi haqiqiy diplomatik aloqalar tashkil etadi. Amir Temurning 1402-yilda Anqara jangida Usmonli sultoni Boyazid I ustidan qozongan g‘alabasidan so‘ng Yevropa davlatlari Samarqand bilan ittifoqchilik munosabatlarini faol izlay boshladi. Kastiliya qiroli Genrix III Temur saroyiga diplomatik va savdo aloqalarini o‘rnatish maqsadida Rui Gonsales de Klavixo boshchiligida maxsus elchilik yuborgan.

Ispan missiyasining Samarqandgacha bo‘lgan yo‘li bir yildan ortiq vaqtni olgan va Konstantinopol, Kichik Osiyo, Fors hamda Markaziy Osiyo orqali o‘tgan. Klavixo o‘z qaydlarida ko‘rgan shaharlar, karvon yo‘llari, diplomatik marosimlar va Temuriylar davlati hududidagi xalqaro savdo ko‘lamini batafsil tasvirlab bergan.

Samarqand ispan diplomatida alohida taassurot qoldirgan bo‘lib, u shaharni Sharqning eng boy va muhtasham shaharlaridan biri deb atagan. Klavixo o‘z xronikalarida ulkan saroylar, bog‘lar, bozorlar, meʼmoriy majmualar va Sharq hamda G‘arb madaniyatlari va savdo yo‘llari kesishgan shahar muhitini tasvirlagan. Uning guvohliklari bugungi kunda Markaziy Osiyo va Amir Temur davri haqidagi eng muhim Yevropa manbalaridan biri hisoblanadi.

Nashriyot annotatsiyasida qayd etilishicha, roman “deyarli imkonsiz missiya xronikasi” va “Osiyo hukmdorining ko‘ziga tik qarashga jazm etgan ispanning epik tarixi” sifatida taqdim etilgan.

Mazkur kitob Rui Gonsales de Klavixoning o‘zi tomonidan yozilgan mashhur o‘rta asr xronikasi – “Temur huzuriga elchilik” asari asosida yaratilgan. Ushbu asar XV asr Markaziy Osiyosi haqidagi eng qimmatli Yevropa manbalaridan biri hisoblanib, Temuriylar davlati, Samarqand, mintaqa aholisi, savdo yo‘llari va Amir Temur davri saroy hayoti haqida batafsil maʼlumotlarni o‘z ichiga oladi.

Antonio Torremocha Silva Ispaniyada o‘rta asrlar tarixi tadqiqotchisi, Rekonkista davri, xristian va musulmon olamlari o‘rtasidagi munosabatlar, shuningdek, o‘rta asrlar Yevropasidagi diplomatik va harbiy voqealarga bag‘ishlangan tarixiy romanlar va nashrlar muallifi sifatida tanilgan. U Ispaniya Milliy masofaviy taʼlim universitetida dars bergan, Alxesiras munitsipal muzeyiga rahbarlik qilgan. U Ispaniyadagi o‘rta asrlar va al-Andalus tarixini o‘rganishga ixtisoslashgan qator ilmiy va madaniy tashkilotlar aʼzosi hisoblanadi.

Ispaniya adabiy nashrlari qayd etishicha, kitob tarixiy ishonchlilikni badiiy hikoya bilan uyg‘unlashtirgan bo‘lib, diplomatik missiyani “maʼlum dunyoning chekkasiga qilingan sayohat” sifatida tasvirlaydi.

Shuningdek, muallifning Klavixo missiyasini nafaqat geografik sayohat, balki Yevropa va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi ilk yirik diplomatik muloqotlardan birining ramzi sifatida ko‘rsatishga intilgani alohida taʼkidlanadi.

Roman joriy yil may oyida sotuvga chiqarildi. Hajmi 352 sahifadan iborat kitob allaqachon Ispaniyaning yirik kitob tarmoqlarida taqdim etilgan. Uning rasmiy taqdimoti 13-may kuni “Ateneo de la Bahía” madaniyat markazida muallif va mamlakat adabiy jamoatchiligi vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tdi.

Kuzatuvchilar fikricha, romanning nashr qilinishi Ispaniyada Pireney yarimoroli va Markaziy Osiyo, jumladan, hozirgi O‘zbekiston hududi o‘rtasidagi diplomatik va madaniy aloqalar tarixiga qiziqish saqlanib qolayotganidan dalolat beradi.

Mutaxassislar taʼkidlashicha, Rui Gonsales de Klavixo shaxsi va uning Samarqandga sayohati Yevropa va Sharq o‘rtasidagi tarixiy o‘zaro munosabatlarning muhim ramzi, shuningdek, Markaziy Osiyodagi ilk Yevropa diplomatiyasining eng mashhur namunasi bo‘lib qolmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish