O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida turizm sohasida yangi hamkorlik yo‘nalishlari belgilandi
Iyun 18, 2026. 15:00 • 2 daq
• 4
ISTANBUL, 18-iyun. /“Dunyo” AA/. Istanbulda O‘zbekistonning turizm imkoniyatlarini keng targ‘ib etish va turkiyalik hamkorlar bilan sayyohlik sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ushbu tadbir mamlakatimiz Bosh konsulxonasi, “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasining Turkiyadagi vakolatxonasi va “Ender Turizm” agentligi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Uchrashuvda Turkiyaning yetakchi sayyohlik kompaniyalari hamda O‘zbekistonga turistik va ishbilarmonlik safarlarini rivojlantirishdan manfaatdor bo‘lgan korporativ sektor vakillari ishtirok etdi.
Ishtirokchilarga “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasining yo‘nalishlar tarmog‘i hamda O‘zbekistonning turizm salohiyati haqida ma’lumot taqdim etildi. Mamlakatning boy tarixiy-madaniy merosi va Samarqand, Buxoro, Xiva hamda Toshkent shaharlarining sayyohlik jozibadorligi, jumladan, ziyorat turizmini rivojlantirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv davomida Turkiyadan O‘zbekistonga sayyohlar oqimini kengaytirish, yangi turistik yo‘nalishlarni shakllantirish va ikki mamlakat sayyohlik kompaniyalari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, ziyorat va madaniy-ma’rifiy turlarni tashkil etishning amaliy jihatlari hamda o‘zaro turistik va yo‘lovchilar oqimini oshirish yuzasidan fikr almashildi.
Tadbir yakunlari bo‘yicha ishtirokchilar turizm sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, sayyohlar almashinuvi dasturlarini kengaytirish va ziyorat turizmi salohiyatidan yanada faolroq foydalanishdan manfaatdor ekanini qayd etdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi