O‘zbekiston diplomatlari AQShdagi xorijiy fuqarolarni vaqtincha saqlash markazlariga tashrif buyurdi
Yanvar 26, 2026. 09:21 • 2 daq
• 30
VASHINGTON, 26-yanvar. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi diplomatlari AQShning Virjiniya shtatidagi “Kerolayn” va “Farmvill” xorijiy fuqarolarni vaqtincha saqlash markazlariga tashrif buyurib, markazda saqlanayotgan O‘zbekiston fuqarolari bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Suhbat davomida ushbu markazlarda vatandoshlarni saqlash sharoitlari, sog‘lig‘i va umumiy ahvoli, ovqatlanishi va boshqa maishiy masalalari o‘rganildi. O‘zbekiston fuqarolariga konsullik va huquqiy masalalar bo‘yicha tegishli tushuntirishlar berildi.
O‘zbekistonliklarning maʼlum qilishicha, ular AQShga noqonuniy kirib kelgani sababli hozirda deportatsiya masalasida sud ishlari olib borilmoqda. Shu munosabat bilan, ular O‘zbekistonga tezroq qaytishda ko‘mak so‘rab murojaat qilishgan.
Mamlakatimizning AQShdagi elchixonasi o‘z vakolatlari doirasida fuqarolarni O‘zbekistonga qaytarish masalalari bo‘yicha xorijiy tomonlar bilan tegishli muzokaralar o‘tkazishga, zarur konsullik hujjatlarini tayyorlashda amaliy yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.
Shu bilan birga, AQShning immigratsiya siyosatidagi so‘nggi o‘zgarishlarni inobatga olgan holda, xorijda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolariga yana bir bor o‘zlari bo‘lib turgan mamlakatda qonuniy bo‘lish, mahalliy qonunlarga qatʼiy rioya qilish va noqonuniy faoliyatdan tiyilish tavsiya etildi.
Zarur hollarda O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasi konsullik bo‘limi bilan quyidagi aloqa kanallari orqali bog‘lanish mumkin:
• Telefon: +1 (202) 887-5300
• Elektron pochta: consul.washington@mfa.uz
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 21-yanvar kuni AQShda noqonuniy bo‘lib turgani uchun mamlakatdan chiqarib yuborilgan 44 nafar O‘zbekiston fuqarosi Toshkentga kelgandi. Charter reysi AQShning tegishli migratsiya xizmatlari tomonidan tashkil etilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
