O‘zbek raqs sanʼati Hindiston sahnalarida namoyish etilmoqda
Yanvar 20, 2026. 08:15 • 2 daq
• 135
DEHLI, 20-yanvar. /“Dunyo” AA/. Dehlida Hindiston madaniy aloqalar kengashi (Indian Council for Cultural Relations - ICCR) tomonidan tashkil etilgan XI xalqaro raqs va musiqa festivalida “Tarona” raqs guruhi muvaffaqiyatli ishtirok etdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekiston ijodiy jamoalari bu kabi xalqaro festivallarning doimiy va intiqlik bilan kutiladigan ishtirokchilari hisoblanadi. Ularning boy milliy anʼanalarga asoslangan yorqin chiqishlari anʼanaviy ravishda musiqa va raqs sanʼatini chuqur qadrlaydigan hind tomoshabinlarining olqishlariga sazovor bo‘ladi.
Mamlakatimizning madaniy markazlaridan biri - qadimiy Qo‘qon shahrida tashkil etilgan “Tarona” ansamblida isteʼdodli raqs va musiqa ixlosmandlari jamlangan bo‘lib, ular nafaqat o‘zbek xalq ijodiyotini targ‘ib qiladi, balki boshqa xalqlarning asarlarini ham katta hurmat bilan ijro etadi.
Havaskor sanʼatkorlar repertuarida hind raqs kompozitsiyalari va musiqiy chiqishlari ham alohida o‘rin tutadi.
“Tarona” guruhining festivaldagi ishtiroki mahalliy musiqa ixlosmandlari va sanʼatshunoslarning olqishlari ostida o‘tdi hamda ikki qadimiy sivilizatsiya o‘rtasidagi muhim do‘stlik ko‘prigi bo‘ldi.
Dehlidagi asosiy chiqishlardan so‘ng o‘zbek sanʼatkorlarining Hindiston bo‘ylab ijodiy safari davom etadi.
Ansambl Chandigarh va Jammu shaharlarida ham o‘z konsert dasturlarini taqdim etadi. Bu esa Hindistonning turli hududlari aholisiga O‘zbekistonning boy madaniy merosi bilan yaqindan tanishish imkonini beradi.
Bu kabi muhim tadbirlar «xalq diplomatiyasi»ning muhim vositasi bo‘lib, O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi ko‘p asrlik madaniy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqadi. Musiqa va raqs tili tarjimon talab qilmaydigan til bo‘lib, u insonlar qalbini bir-biriga yaqinlashtirishda beqiyos kuchga ega.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
