Toshkentda O‘zbekiston–Belarus turizm forumi o‘z ishini boshladi
Noyabr 26, 2026. 18:00 • 2 daq
• 108
MINSK, 26-noyabr. /“Dunyo” AA/. Toshkent shahrida bo‘lib o‘tayotgan “Ipak yo‘lida turizm” 31-Toshkent xalqaro sayyohlik yarmarkasi doirasida O‘zbekiston–Belarus turizm forumi o‘z ishini boshladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri Belarusning “News.By” nashriga tayanib.
Nashrda ma’lum qilinishicha, ushbu xalqaro forum O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2026-yil iyul oyida Minskka tashrifi chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha imzolangan “Yo‘l xaritasi” ijrosi doirasida tashkil etildi.
“Yo‘l xaritasi”da ilgari surilgan madaniy-ma’rifiy, oilaviy, tibbiy va sanatoriy-kurort turizmi yo‘nalishlaridagi ustuvor vazifalar forumning asosiy mavzusiga aylandi.
Toshkentda o‘zbekistonlik turoperatorlar va soha vakillari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri B2B formatida muzokaralar o‘tkazish hamda istiqbolli shartnomalar imzolash maqsadida Belarusning 25 ta tashkiloti vakillari tashrif buyurdi. Xususan, hududiy boshqaruv organlari, “Belavia” aviakompaniyasi, yetakchi sanatoriylar va “Belovejskaya pusha” milliy bog‘i vakillaridan iborat 42 kishilik delegatsiya O‘zbekistonga keldi.
Belarus Milliy turizm agentligi direktori Kirill Masharskiy sayyohlik yarmarkasi davomidagi taassurotlari haqida fikr bildirdi.
“Biz o‘zbekistonlik do‘stlar va hamkorlarimiz qiziqishini tahlil qilgan holda, sayyohlarda katta qiziqish uyg‘otayotgan sanatoriy-kurortlar, tibbiy xizmatlar va ekoturizm bo‘yicha raqobatbardosh takliflarimizni taqdim qilayapmiz”, – deydi Kirill Masharskiy.
So‘nggi yillarda o‘zbekistonlik sayyohlarning faolligi tufayli O‘zbekiston Belarusga tashrif buyuruvchi fuqarolar soni bo‘yicha yetakchi davlatlar o‘ntaligidan mustahkam o‘rin egallab kelmoqda.
Toshkentdagi forum yakunlari bo‘yicha tomonlar o‘zaro sayyohlar oqimini yanada oshirishga qaratilgan qator kelishuvlarga erishishi rejalashtirilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi