Klod Leblan: O‘zbekistonning Iordaniya bilan hamkorligi Yaqin Sharqda yangi imkoniyatlar yaratadi

Noyabr 26, 2026. 17:30 • 2 daq

• 4
Klod Leblan: O‘zbekistonning Iordaniya bilan hamkorligi Yaqin Sharqda yangi imkoniyatlar yaratadi

PARIJ, 26-noyabr. /“Dunyo” AA/. Fransiyalik taniqli jurnalist, “L'Opinion” nashri sharhlovchisi, geosiyosat va xalqaro munosabatlar bo‘yicha ekspert Klod Leblan “Dunyo” AAga O‘zbekiston Prezidentining 23–24-noyabr kunlari Iordaniyaga amalga oshirgan davlat tashrifi yuzasidan o‘z munosabatini bildirdi:

– O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Iordaniyaga tashrifi mamlakat tashqi siyosatidagi muhim yo‘nalishlardan biri – xalqaro hamkorlikni kengaytirish va jahon siyosiy maydonidagi o‘rnini mustahkamlash strategiyasining mantiqiy davomi hisoblanadi.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston tashqi siyosatida ochiqlik, pragmatizm va o‘zaro manfaatli hamkorlik tamoyillari ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Shu nuqtayi nazardan, Iordaniya bilan munosabatlarni rivojlantirish nafaqat iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, balki O‘zbekistonning Yaqin Sharq mintaqasidagi diplomatik mavqeini mustahkamlashga ham xizmat qiladi.

Yaqin Sharq jahon geosiyosatida muhim o‘rin tutadigan, biroq turli siyosiy qarama-qarshiliklar va keskinliklar mavjud bo‘lgan mintaqadir. O‘zbekistonning ushbu hududdagi davlatlar bilan konstruktiv munosabatlarni rivojlantirishga intilishi tashqi siyosatda muvozanatli va pragmatik yondashuvni namoyon etadi.

O‘zbekistonning AQSh Prezidenti Donald Tramp tashabbusi bilan tashkil etilgan Tinchlik kengashi faoliyatida ishtirok etishi ham mamlakatning xalqaro jarayonlardagi o‘rnini kengaytirishga intilayotganidan dalolat beradi.

O‘zbekiston yetakchisining Iordaniyaga tashrifining yana bir muhim jihati Markaziy Osiyoning Sharqiy Osiyo va Yaqin Sharqni bog‘lovchi muhim transport-logistika markazi sifatidagi ahamiyatini oshirishdir.

Bugungi kunda xalqaro savdo yo‘llarining o‘zgarishi va geosiyosiy beqarorlik transport yo‘laklarini diversifikatsiya qilish zaruratini kuchaytirmoqda. Xususan, Hurmuz bo‘g‘ozi bilan bog‘liq vaziyat an’anaviy dengiz yo‘llarining tashqi omillarga qanchalik bog‘liq ekanini yana bir bor ko‘rsatdi. Bu muqobil transport yo‘nalishlarini rivojlantirish va mintaqalararo logistika aloqalarini mustahkamlash masalasini dolzarblashtirmoqda.

Shu ma’noda, O‘zbekiston ilgari surayotgan transport va logistika bog‘liqligini rivojlantirish siyosati Yaqin Sharq davlatlari uchun ham muhim ahamiyat kasb etishi mumkin. Zero, yangi transport yo‘laklarini shakllantirish savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, yuk tashish imkoniyatlarini oshirish va xalqaro savdo yo‘llaridagi mavjud xavflarni kamaytirishga xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish