Toshkentda Diplomatiya va sanʼat galereyasi ochildi
Sentabr 12, 2026. 12:30 • 3 daq
• 81TOSHKENT, 12-sentabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Diplomatik servis xizmati binosida mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan Diplomatiya va sanʼat galereyasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ko‘rgazma O‘zbekiston Badiiy akademiyasi hamda Toshkent fotosuratlar uyi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Tadbirda mamlakatimizda akkreditatsiyadan o‘tgan elchixonalar va diplomatik vakolatxonalar xodimlari ishtirok etdi.
Ekspozitsiya diplomatik korpus vakillarini O‘zbekistonning boy madaniy merosi, milliy qadriyatlari va zamonaviy tasviriy sanʼati bilan tanishtiradi. Galereyada taniqli va yosh o‘zbek musavvirlarining yurtimiz hududlari, tabiati hamda madaniy hayotining rang-barangligini aks ettiruvchi asarlari taqdim etilgan.
“Dunyo” AA muxbiriga bergan intervyusida BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Sabina Maxl ushbu ko‘rgazma mamlakat jozibadorligini sanʼat asarlari orqali ko‘rish imkonini berishini taʼkidladi.
— Bu yerda O‘zbekistonning turli go‘shalari — Samarqand, Orol dengizi, Qoraqalpog‘iston va boshqa hududlarni tasvirlagan shuncha musavvirlar asarlarini ko‘rish juda yoqimli. Ko‘rgazmaning diplomatik korpus ishtirokida o‘tayotgani alohida ahamiyatga ega. Turli mamlakatlar vakillari O‘zbekistonni yangi rakursdan ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘lmoqdalar, — dedi u.
Sabina Maxlning so‘zlariga ko‘ra, madaniyat xalqaro anglashuv va diplomatiyani rivojlantirishda muhim rol o‘ynaydi.
— Madaniyat uchun so‘zlarning hojati yo‘q. Uni musiqa yoki rangtasvir orqali yetkazish mumkin va buning uchun umumiy til talab etilmaydi. Bu barchamiz inson sifatida anglay oladigan tuyg‘udir, — deya taʼkidladi BMT koordinatori.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nur ham shu kabi qo‘shma loyihalarni o‘tkazishning ahamiyatini qayd etdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ekspozitsiyada taniqli va yosh ijodkorlarning asarlari o‘rin olgan bo‘lib, ularning ko‘pchiligi xorijda shaxsiy va jamoaviy ko‘rgazmalarda ishtirok etishga ulgurgan.
— Badiiy akademiya Tashqi ishlar vazirligi bilan uzoq vaqtdan beri yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda. Ko‘plab xorijiy loyihalarimiz aynan vazirlik ko‘magida amalga oshirilmoqda. Bugungi qo‘shma galereya ushbu hamkorlikni yanada rivojlantirishda muhim qadam bo‘ldi, — dedi Akmal Nur.
Uning qo‘shimcha qilishicha, kelajakda ekspozitsiya formatini kengaytirish va o‘zbek sanʼati bilan nafaqat diplomatik korpus vakillarini, balki Toshkentda faoliyat yuritayotgan xorijiy mutaxassislar, kompaniya va tashkilotlarni ham tanishtirish rejalashtirilgan.
Tashkilotchilar Diplomatiya va sanʼat galereyasi madaniy almashinuv, xalqaro aloqalarni mustahkamlash va O‘zbekistonning zamonaviy sanʼatini targ‘ib qilish uchun yana bir muhim maydonga aylanishiga ishonch bildirdilar.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi







