Toshkentda O‘zbekiston va Turkiya parlamentlararo hamkorlik guruhlarining yig‘ilishi o‘tkazildi
Avgust 15, 2026. 14:30 • 2 daq
• 6
TOSHKENT, 15-avgust. /«Dunyo» AA/. Senatda joriy yilning 13-avgust kuni “O‘zbekiston–Turkiya” va “Turkiya–O‘zbekiston” parlamentlararo hamkorlik guruhlarining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Oliy Majlis yuqori palatasi axborot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, unda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarining bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi.
Yig‘ilishda ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi va ishonchga asoslangan o‘zaro munosabatlari natijasida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi hamkorlik keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgani alohida ta’kidlandi.
So‘nggi yillarda parlamentlararo muloqot va o‘zaro tashriflar izchil faollashib borayotgani qayd etildi. Shuningdek, joriy yilning aprel oyida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Turkiya Respublikasi Buyuk millat majlisi o‘rtasida imzolangan 2026–2027-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ijrosini ta’minlash masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Xususan, qo‘shma tadbirlar va tashriflarni tashkil etish, qonun ijodkorligi hamda parlament nazorati sohasida tajriba almashish, xalqaro parlament tashkilotlari doirasida o‘zaro tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan fikr almashildi.
Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish, sanoat kooperatsiyasi, transport-tranzit, ta’lim, turizm hamda madaniy-gumanitar yo‘nalishlardagi loyihalarni qonunchilik jihatidan qo‘llab-quvvatlash, hududlararo aloqalarni kengaytirishga ko‘maklashish muhimligi ta’kidlandi.
Tadbir yakunida oliy darajada erishilgan kelishuvlar ijrosi ustidan parlament nazoratini ta’minlash, Turkiya Buyuk millat majlisi rahbariyatining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish, Samarqand shahrida o‘tkaziladigan XII global yosh parlament a’zolari konferensiyasida turkiyalik yosh parlament a’zolari ishtirokini ta’minlashga kelishib olindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi