Tokioda JDS dasturi bitiruvchilari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Sentabr 30, 2026. 15:00 • 2 daq
• 25
TOKIO, 30-sentabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasida Kadrlar tayyorlash dasturi (Human Resources Development Scholarship Programme – JDS) doirasida tahsilni muvaffaqiyatli yakunlagan vatandoshlar bilan uchrashuv tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda Tokio qishloq xo‘jaligi va texnologiyalar universiteti, Ritsumeykan, Nagoya, Hirosima, Yokogama milliy hamda Naruto ta’lim universitetlarini tamomlagan 12 nafar stipendiat ishtirok etdi.
O‘zbekistonning turli vazirlik va idoralari xodimlari orasidan saralab olingan bitiruvchilar iqtisodiyot, huquq, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, shaharsozlik va innovatsiyalar, shuningdek, global ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha ikki yillik magistratura dasturlarini tamomlaganlar.
Uchrashuv chog‘ida bitiruvchilarning Yaponiyada orttirgan ilmiy-amaliy bilimlari va tajribasini O‘zbekistonda, xususan, davlat boshqaruvi va tegishli sohalarda samarali qo‘llash masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, JDS dasturi doirasida O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi ta’lim sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Ma’lumot uchun, JDS dasturi O‘zbekistonda 1999-yildan buyon amalga oshirib kelinmoqda va yuqori malakali mutaxassislar, jumladan, davlat xizmatchilarini tayyorlashga salmoqli hissa qo‘shmoqda. Dastur amalga oshirilgan davr mobaynida 500 nafarga yaqin o‘zbekistonlik Yaponiyaning yetakchi oliy o‘quv yurtlarida tahsil olib, o‘z kasbiy malakasini oshirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi