Turkiyaning Xatay viloyatida “O‘zbekiston mahallasi” turar joy majmuasi barpo etildi
Yanvar 29, 2026. 20:45 • 2 daq
• 210
XATAY, 29-yanvar. /“Dunyo” AA/. Xatay viloyatida zilziladan jabr ko‘rgan oilalar uchun “O‘zbekiston turar joy majmuasi”ni qurish loyihasini amalga oshirish ishlari yakunlandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekiston tabiiy ofatdan so‘ng birinchilardan bo‘lib Turkiyaga insonparvarlik yordami va FVV qutqaruvchilar guruhini yubordi. Xususan, 2023-yilning fevral–mart oylarida Xataydagi vayronalar ustida 60 nafar qutqaruvchi mamlakatimiz avariya-qutqaruv texnikalari bilan tegishli ishlarni amalga oshirdi.
Shu bilan birga, jabrlangan aholiga yordam ko‘rsatish doirasida O‘zbekiston hukumati ko‘magida va Turkiya ommaviy uy-joy qurilishi agentligi (TOKI) bilan hamkorlikda Xatay viloyatining Arsuz tumani hududida “O‘zbekiston mahallasi” turar-joy majmuasini qurish loyihasi amalga oshirildi.
O‘rta yer dengizi sohilida qad rostlagan inshoot 2,2 gektar maydonni egallagan bo‘lib, 306 xonadondan iborat 24 ta turar joy binosini o‘z ichiga oladi.
Xonadonlarning ichki qismi pardozlandi, suv taʼminoti, elektr energiyasi tizimlari, suv isitish uchun quyosh panellari va asosiy maishiy texnikalar o‘rnatildi. Bolalar va sport maydonchalari, avtoturargohlar, dam olish uchun ayvonlar barpo etildi.
Majmua Turkiya tomonidan yangi qurilayotgan 45 gektarlik shaharchaning bir qismi bo‘lib, masjidlar, maktab va boshqa ijtimoiy-maishiy obyektlarni o‘z ichiga olgan 270 ta binoda 3093 ta xonadonga mo‘ljallangan.
“O‘zbekiston mahallasi” ikki mamlakat o‘rtasidagi ishonch va o‘zaro hurmat timsolidir.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
