Ashxobodda O‘zbekiston–Turkmaniston biznes-forumi bo‘lib o‘tdi

Noyabr 07, 2026. 14:00 • 3 daq

• 154
Ashxobodda O‘zbekiston–Turkmaniston biznes-forumi bo‘lib o‘tdi
Ashxobodda O‘zbekiston–Turkmaniston biznes-forumi bo‘lib o‘tdi
Ashxobodda O‘zbekiston–Turkmaniston biznes-forumi bo‘lib o‘tdi
Ashxobodda O‘zbekiston–Turkmaniston biznes-forumi bo‘lib o‘tdi

ASHXOBOD, 7-noyabr. /“Dunyo” AA/. Ashxobodda tashkil etilgan o‘zbek-turkman biznes-forumi Turkmaniston OAV tomonidan keng yoritildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“Takyk” yangiliklar portalining qayd etishicha, B2B uchrashuvida ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining 200 dan ortiq vakillari ishtirok etdi. Tadbir Turkmaniston Savdo-sanoat palatasi, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va Kichik biznes uyushmasi hamda O‘zbekistonning Turkmanistondagi elchixonasi hamkorligida tashkil etildi. Tomonlar mahsulot yetkazib berish, tovar ayirboshlash hajmini oshirish, distribyutorlik tarmoqlari va qo‘shma loyihalarni muhokama qildilar, bir qator yo‘nalishlar bo‘yicha aniq kelishuvlarga erishildi. 

“Ashgabat Times” nashri B2B muzokaralari yakunlari bo‘yicha ikki mamlakat o‘rtasidagi ishbilarmonlik hamkorligi mustahkamlanib borayotgani haqida yozdi. “Biznes Turkmenistan” portali ishtirokchilarga O‘zbekiston korxonalarining qurilish, oziq-ovqat, kimyo, yengil sanoat, avtomobilsozlik, elektrotexnika, mebel ishlab chiqarish va boshqa sohalardagi mahsulotlari tanishtirilganini qayd etdi. Shuningdek, 3–5-noyabr kunlari Ashxobod shahrida o‘tkazilayotgan “CIET 2026” xalqaro ko‘rgazmasida 150 nafardan ortiq o‘zbekistonlik tadbirkor ishtirok etayotgani xabar qilingan.

“Orient” axborot agentligi forum haqida uchta maqola e’lon qildi. Dastlabki maqolada o‘zbek kompaniyalari turkman hamkorlariga taklif qilgan mahsulotlar ro‘yxati keltirilgan. Tomchilatib sug‘orish texnologiyalari, qishloq xo‘jaligi texnikasi, urug‘lar, sement, keramik plitkalar, o‘g‘itlar, to‘qimachilik mahsulotlari, mebel, konservalar, qandolat mahsulotlari, optik kabellar, quyosh stansiyalari, IT-yechimlar va turistik xizmatlar shular jumlasidandir.

Shuningdek, yana bir maqolada uchrashuv muhiti tasvirlangan. Zal rasmiy tadbirdan ko‘ra jonli “birja”ga aylanib, unda moderatorlar buyurtmachilarni soha sektorlari bo‘yicha stollar tomon yo‘naltirganlar. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, yakuniy natijada taxminan 12 million dollarlik shartnoma va kelishuvlarga erishilgan. O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Odilxon Rustamov “Orient” muxbiriga bergan intervyusida turkman tomoniga iliq qabul uchun minnatdorlik bildirgan.

Navbatdagi maqolada turkman tadbirkorlarini 29-noyabr – 6-dekabr kunlari Toshkent shahrida “Yangi O‘zbekiston: global bozorlar chorrahasida” shiori ostida o‘tkaziladigan “Uzbekistan Global Trade Summit 2026” sammitiga taklif etish masalasiga to‘xtalib o‘tilgan.

Qayd etilishicha unda 50 dan ortiq mamlakatdan 1000 nafardan ziyod importchi va investorlar ishtiroki hamda B2B va B2G formatlarida 500 dan ortiq uchrashuvlar o‘tkazilishi kutilmoqda. Shu bilan birga, maydoni 12 ming kvadrat metr bo‘lgan va taxminan 450 ta stenddan iborat “Made in Uzbekistan” 2026 ko‘rgazmasi ham tashkil etiladi. Delegatsiyalar tarkibida ishtirok etish uchun arizalar 10-noyabrga qadar qabul qilinadi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish