O‘zbekistonda “KamAZ” uchun mutaxassislar tayyorlanadi

Avgust 20, 2026. 18:30 • 2 daq

20
O‘zbekistonda “KamAZ” uchun mutaxassislar tayyorlanadi

TOSHKENT, 20-avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Migratsiya agentligi “KamAZ” OAJga Rossiya avtomobil zavodlari uchun mutaxassislar tayyorlash maqsadida respublikada Xalqaro avtomobilsozlik maktabini tashkil etishni taklif qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Kommersant” nashriga tayanib.

Tashabbus “KamAZ” rahbariyati va Migratsiya agentligining Navoiy viloyatidagi filiali vakillari ishtirokida muhokama qilindi. Maktab Xatirchi tumanida tashkil etilishi kutilmoqda.

Bitiruvchilarga Rossiyada, birinchi navbatda, “KamAZ” korxonalarida tan olinadigan guvohnomalar berish rejalashtirilmoqda. Taʼlimni o‘zbekistonlik texnikumlar bilan hamkorlikda dual tizim asosida tashkil etish mo‘ljallanayapti.

Tomonlar O‘zbekiston fuqarolarini “KamAZ” korxonalariga xavfsiz va tartibli ravishda ishga joylashtirish masalasiga alohida eʼtibor qaratdi.

Migratsiya agentligi va “KamAZ” o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv 2025-yilning mart oyida imzolangan. Tomonlar O‘zbekistonda mutaxassislarni birgalikda tanlab olishni tashkil etishga kelishib olgan. Hozirda “KamAZ” korxonalarida 500 nafarga yaqin O‘zbekiston fuqarosi mehnat qilmoqda. Shuningdek, respublikada “UzAutoTrailer” negizida “KamAZ” yuk mashinalarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish