Rossiya matbuoti: O‘zbekiston PXIF-2026da madaniy diplomatiyaning yorqin namunasini namoyish qildi
Iyun 25, 2026. 09:37 • 2 daq
• 39
SANKT-PETERBURG, 25-iyun. /“Dunyo” AA/. Rossiyadagi nufuzli “National Business” jurnalida Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi (PXIF-2026) doirasida O‘zbekistonning ishtirokiga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda taʼkidlanishicha, O‘zbekiston forumning eng yirik madaniy dasturlaridan birini taqdim etdi. O‘zbekiston Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamg‘armasi tashabbusi bilan amalga oshirilgan dastur Rossiyaning yetakchi muzeylari ko‘rgazmalari hamda xalqaro opera postanovkasini qamrab oldi.
Dastur doirasida Faberje muzeyida “Yerdagi sevgi va samoviy sevgi. Vladimir va Konstantin Makovskiylar” ko‘rgazmasi tashkil etildi. Ekspozitsiya O‘zbekiston Davlat sanʼat muzeyi kolleksiyasidagi asarlar bilan boyitilib, XIX asr oxiri – XX asr boshlaridagi madaniy aloqalarni yoritib berdi.
Shuningdek, Davlat Ermitajida “Saroy xonalarini kashf etib: Buxoro amiri saroyidagi sanʼat” ko‘rgazmasi ochilib, unda Buxoro amirligining nodir amaliy sanʼat va zargarlik namunalari namoyish etildi.
Forumning muhim madaniy voqealaridan biri sifatida Mariinskiy teatrida Georg Fridrix Gendelning “Tamerlano” operasi namoyishi ham bo‘lib o‘tdi. Rejissyor Stefano Poda tomonidan sahnalashtirilgan mazkur postanovka “Peterburg fasllari” festivali doirasida taqdim etildi.
Maqolada qayd etilishicha, O‘zbekistonning PXIF-2026 doirasidagi madaniy dasturi madaniyatning xalqaro muloqot va hamkorlikni mustahkamlashdagi muhim o‘rnini yana bir bor namoyon etdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi