O‘zbekistonda laminatsiyalangan plitalar ishlab chiqarish va korporativ xizmatlar markazini tashkil etish rejalashtirilmoqda

Oktabr 15, 2026. 15:30 • 2 daq

• 22
O‘zbekistonda laminatsiyalangan plitalar ishlab chiqarish va korporativ xizmatlar markazini tashkil etish rejalashtirilmoqda

TOSHKЕNT, 15-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligida “Ultradecor Global” xalqaro kompaniyalar guruhi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda investitsiyaviy hamkorlik, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish hamda sanoat kooperatsiyasini kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, “Ultradecor Global” dunyoning 23 mamlakatida faoliyat yuritadi va 5,5 ming kishini ish bilan ta’minlaydi. Guruh tarkibiga yog‘och plitalar ishlab chiqaruvchi yettita korxona, 17 ta distribyutorlik markazi hamda rezina va qog‘oz ishlab chiqarishga ixtisoslashgan uchta korxona kiradi.

Kompaniya O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan oltita distribyutorlik markazi faoliyatini kengaytirish niyatida. Toshkent viloyatida yiliga 50 ming kub metr laminatsiyalangan plitalar ishlab chiqarish quvvatiga ega korxona tashkil etish loyihasi ustida ish olib bormoqda.

Qayd etilishicha, ushbu loyihaning amalga oshirilishi mahalliy mebel ishlab chiqaruvchilarni zarur materiallar bilan ta’minlash, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirish hamda sohada kooperatsiya aloqalarini mustahkamlash imkonini beradi.

Kompaniya O‘zbekistonda axborot texnologiyalari va korporativ xizmatlar markazini tashkil etish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Markaz faoliyati yo‘lga qo‘yilishi natijasida yuzga yaqin yangi ish o‘rni yaratilishi, ko‘rsatiladigan xizmatlarning qariyb 90 foizi guruhning xorijdagi korxonalariga eksport qilinishi kutilmoqda.

Muzokaralar davomida agentlik rahbariyati kompaniya vakillariga davlat xaridlarida ishtirok etish uchun qonunchilikda nazarda tutilgan imkoniyatlardan foydalanishni taklif qildi. Xususan, O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan mahsulotlar uchun “O‘zbekekspertiza” AJ orqali belgilangan tartibda mahalliy tovarlarning kelib chiqishi to‘g‘risidagi sertifikatni rasmiylashtirish imkoniyati mavjudligi ta’kidlandi.

Agentlik “Ultradecor Global” kompaniyasining mamlakatimizdagi faoliyatini rivojlantirish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va yangi kooperatsiya aloqalarini o‘rnatishda o‘z vakolatlari doirasida amaliy yordam ko‘rsatishga tayyorligini ma’lum qildi.

Kompaniyaning O‘zbekistonda tashkil etilayotgan sanoat bond zonalarida ishtirok etishi va ularning hududida yangi ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.

Tomonlar “Ultradecor” kompaniyalar guruhiga aloqador “Casa Foundation” jamg‘armasining O‘zbekistondagi faoliyatini tashkil etish masalalarini muhokama qildi va bu borada tegishli tushuntirishlar berildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirish maqsadida hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish