“Rossiyskaya gazeta”: Samara viloyatida 860 nafardan ortiq o‘zbekistonlik talaba tahsil olmoqda
Oktabr 15, 2026. 15:00 • 2 daq
• 79
MOSKVA, 15-oktabr. /“Dunyo” AA/. Rossiyaning nufuzli “Rossiyskaya gazeta” nashrida O‘zbekistonning Rossiyadagi elchisi Botirjon Asadov boshchiligidagi delegatsiyaning Samara viloyatiga amalga oshirgan tashrifiga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada qayd etilishicha, safardan ko‘zlangan asosiy maqsad mintaqaning sanoat va ijtimoiy-iqtisodiy salohiyati bilan tanishish hamda ikki tomonlama aloqalarni yanada mustahkamlashdan iborat. Delegatsiya vakillari Savdo-sanoat palatasi hamda mintaqaviy vazirlik va idoralar rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazdi. Samara viloyati Hukumati raisining o‘rinbosari — iqtisodiy rivojlantirish va investitsiyalar vaziri Pavel Fink ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va gumanitar aloqalar izchil o‘sib borayotganini alohida ta’kidladi.
Tashrif doirasida mehmonlar “Pegas-Agro”, Samara non-qandolat kombinati, “Elektroshit” guruhi va “Prodmash” zavodlari faoliyati bilan tanishib, “Tibbiyotda axborot texnologiyalari” ilmiy markazining innovatsion ishlanmalarini o‘rgandilar. Shuningdek, o‘zbekistonlik mehnat migrantlarining qurilish, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish sohalaridagi munosib hissasi e’tirof etildi.
Nashrda ta’lim sohasidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratilib, bugungi kunda Samara viloyatida 860 nafardan ortiq o‘zbekistonlik talaba tahsil olayotgani qayd etilgan. O‘zbekiston elchisi Botirjon Asadov talabalar va ta’lim muassasalari vakillari bilan uchrashuvda mamlakatimizda xorijiy oliy o‘quv yurtlari filiallari faoliyat yuritayotgani, diplomlarni o‘zaro tan olish bitimi amal qilayotganini eslatib, yoshlarga sifatli ta’lim olish va keyinchalik munosib ish bilan ta’minlanish uchun barcha zarur sharoitlarni yaratish muhimligini ta’kidladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi