Varshavada vatandoshlar bilan O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Avgust 31, 2026. 11:54 • 2 daq
• 12VARSHAVA, 31-avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Polshadagi elchixonasida mamlakat mustaqilligining 35 yilligi hamda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi, senator Qudrat Rafiqovning “Millat Shavkati” kitobi taqdimotiga bag‘ishlangan madaniy-maʼrifiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda Polshada istiqomat qilayotgan vatandoshlar, jumladan, tadbirkorlar, olimlar, yirik IT va moliya institutlari mutaxassislari, talabalar hamda repatriatsiya dasturi doirasida mamlakatga doimiy yashash uchun ko‘chib o‘tgan fuqarolar ishtirok etdilar.
Uchrashuv davomida Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar aks etgan “Millat Shavkati” kitobi taqdim etildi. Ushbu nashr siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalardagi o‘zgarishlar, shuningdek, xalq farovonligi va inson qadrini yuksaltirishga qaratilgan chora-tadbirlar bilan chuqurroq tanishish imkonini berishi taʼkidlandi.
Ishtirokchilarga, shuningdek, davlat va jamiyat boshqaruvini takomillashtirish, zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish, shaharlarni obodonlashtirish, Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik va O‘zbekistonning pragmatik tashqi siyosatini amalga oshirish borasida olib borilayotgan ishlar haqida maʼlumot berildi.
Kitob vatandoshlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Ochiq muloqot chog‘ida elchixona vakillari berilgan savollarga javob qaytardilar.
Tadbirning davomi sifatida O‘zbekiston Prezidentining mamlakat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan bayram tabrigi va konsert dasturi namoyish etildi.
Ishtirokchilarning alohida eʼtiborini davlat rahbarining taʼlim sifatini oshirish va zamonaviy bilim hamda kasbiy ko‘nikmalarga ega yangi avlod mutaxassislarini tayyorlash bo‘yicha tashabbuslari jalb etdi. Vatandoshlar yettita milliy dasturni amalga oshirish, yuqori texnologiyalar va mehnat unumdorligini oshirish asosida iqtisodiyotni yana-da rivojlantirish, shuningdek, O‘zbekistonning tinchlik, do‘stlik va bag‘rikenglik mamlakati sifatidagi xalqaro nufuzini mustahkamlash rejalarini qiziqish bilan qabul qildilar.
Yakunda mehmonlar uchun o‘zbek milliy qo‘shiqlari va musiqa asarlari ijro etilgan konsert dasturi hamda milliy taomlardan iborat bayram dasturxoni yozildi, bu esa issiq va do‘stona muhit yaratishga xizmat qildi.
Bu kabi tadbirlarning o‘tkazilishi O‘zbekistonning xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalarini mustahkamlash, milliy o‘zlikni saqlash va Polshadagi o‘zbek jamoasi bilan konstruktiv hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




