Vashingtonda O‘zbekistonning an’anaviy va zamonaviy to‘qimachilik san’ati namoyish etildi
Oktabr 02, 2026. 20:00 • 4 daq
• 87VASHINGTON, 2-oktyabr./ «Dunyo» AA/. AQSHda mamlakatimizning an’anaviy va zamonaviy to‘qimachilik san’atiga bag‘ishlangan «Naqsh ibtidosi. To‘rt yo‘l: bir an’ana» ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Ushbu ko‘rgazma mamlakatimizning AQSHdagi elchixonasi, O‘zbekiston Amaliy san’at birlashmasi, «Moel Bosh», «ANOR Atelier», Madina Qosimbayeva, «Mio Beauty» brendlari hamda «San’at» va «Hunarmand» jurnallari hamkorligida tashkil etildi.
Ko‘rgazmaning asosiy maqsadi O‘zbekistonning boy to‘qimachilik va amaliy-badiiy merosini AQSH jamoatchiligiga keng tanitish, an’anaviy hunarmandchilik texnologiyalarining zamonaviy ijoddagi davomiyligini namoyish etish, O‘zbekiston–AQSH o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni yanada rivojlantirishdan iborat bo‘ldi.
Tadbirda AQSH Davlat departamenti va Oq uy vakillari, diplomatik missiyalar rahbarlari va diplomatlar, vatandoshlar, san’at va madaniyat sohasi mutaxassislari, muzey xodimlari, ommaviy axborot vositalari hamda jamoatchilik faollari ishtirok etdi.
Ko‘rgazmani O‘zbekistonning AQSHdagi elchisi Furqat Sidiqov ochib berdi. U yurtimiz to‘qimachilik san’ati mamlakatning ko‘p asrlik madaniy merosining muhim qismi ekani, milliy mato va hunarmandchilik namunalari xalqning tarixi, estetik qarashlari, amaliy bilim va ko‘nikmalarini o‘zida mujassam etishini ta’kidladi.
Uchrashuvda «San’at» va «Hunarmand» jurnallari bosh muharriri Binafsha Nodir ham so‘zga chiqib, ekspozitsiya konsepsiyasi haqida ma’lumot berdi. Uning ta’kidlashicha, ko‘rgazmada o‘zbek to‘qimachiligi faqat tayyor buyumlar orqali emas, balki uning yaratilish jarayoni – material, ip, dastlabki naqsh va ornamental kompozitsiyadan tortib, to‘qilgan mato, kashta va tayyor libosgacha bo‘lgan bosqichlar orqali namoyish etildi.
Ekspozitsiyada an’anaviy to‘qimachilik merosining turli yo‘nalishlari – abr mato to‘qish, qo‘l kashtachiligi, zarduzlik va zamonaviy kostyum dizayni qamrab olindi.
Ko‘rgazmada marg‘ilonlik usta Rasuljon Mirzaahmedovning abr matolari namoyish etildi. Uning ishlarida an’anaviy abr to‘qish texnologiyasi, ornamental kompozitsiyalar, ranglar uyg‘unligi va shaxsiy ijodiy izlanishlar mujassamlashgan.
«Moel Bosh» asoschisi Zuhra Inat ijodida an’anaviy matolar va qo‘l kashtachiligi zamonaviy kostyum bilan uyg‘unlashtirilgan. Dizaynerning Marg‘ilon ustalari bilan hamkorlikda avtorlik kolleksiyalari uchun mato naqshlarini ishlab chiqishi an’anaviy hunarmandchilik va zamonaviy dizayn o‘rtasidagi amaliy hamkorlikning namunasi sifatida taqdim etildi.
«Suzani by Kasymbaeva» asoschisi Madina Qosimbayeva o‘z ishlarida an’anaviy o‘zbek kashtachiligining badiiy tili va ornamental motivlaridan foydalangan. Ekspozitsiyada qo‘l kashtachiligi usullarining zamonaviy buyum va liboslardagi yangi plastik hamda funksional talqinlari namoyish etildi.
«ANOR» brendi asoschisi Dilnoza Umirzakova o‘zbek zarduzlik an’anasini zamonaviy kostyum dizayni bilan uyg‘unlashtirgan ishlarini taqdim etdi.
Tadbirda Jorj Vashington universiteti qoshidagi To‘qimachilik muzeyi kuzatuv kengashi raisi va o‘zbek so‘zanalari kolleksioneri Bryus Baganz ham so‘zga chiqdi.
Kolleksioner o‘zbek ikati va so‘zanalarining badiiy qiymati, rang va dizayn xususiyatlariga alohida e’tibor qaratib, mazkur san’at turlariga bo‘lgan shaxsiy qiziqishi va kolleksionerlik faoliyati haqida ma’lumot berdi.
U To‘qimachilik muzeyi bilan O‘zbekiston san’ati va madaniyati o‘rtasidagi aloqalarga to‘xtalib, muzey kolleksiyalaridagi tarixiy namunalar o‘zbek to‘qimachilik san’atining go‘zalligi va yuksak hunarmandchilik an’analarini namoyon etishda muhim o‘rin tutishini qayd etdi.
Bryus Baganz o‘zbek so‘zanalariga bag‘ishlangan ikki jildli ilmiy-illyustrativ nashr tayyorlanayotganini ma’lum qildi. Mazkur nashrda dunyodagi xususiy va muzey kolleksiyalarida saqlanayotgan muhim so‘zana namunalarini jamlash va keng xalqaro auditoriyaga taqdim etish ko‘zda tutilgan. Nashrni 2027-yilda Londondagi «Hali Publications Ltd» tomonidan chop etish rejalashtirilgan.
Tadbirda O‘zbekistonning AQSHdagi faxriy konsuli Kerol Lopes ham ishtirok etib, o‘zbek to‘qimachilik san’atining mamlakat madaniy merosidagi o‘rni va ahamiyatini e’tirof etdi.
Ko‘rgazmada O‘zbekistonning abr, atlas, adras, so‘zana, kashtachilik, zarduzlik va milliy liboschilik yo‘nalishlariga oid namunalar namoyish etildi. Mehmonlar milliy matolar va qo‘l mehnati asosida yaratilgan asarlar bilan tanishib, ulardagi ornament, rang, kompozitsiya va texnik ijro xususiyatlarini ko‘rish imkoniga ega bo‘ldi.
Tadbirda amerikalik ommaviy axborot vositalari xodimlari ham ishtirok etdi. Ular O‘zbekistonning an’anaviy to‘qimachilik san’ati, hunarmandchilik maktablari va zamonaviy dizaynerlarning ijodiy faoliyati bilan tanishdi.
Ko‘rgazma O‘zbekistonning to‘qimachilik va amaliy san’at merosini AQSHda targ‘ib qilish, milliy hunarmandchilikning tarixiy an’analari va zamonaviy rivojlanish yo‘nalishlarini namoyish etish nuqtayi nazaridan ahamiyatli madaniy tadbir bo‘ldi.
Ko‘rgazma natijalari O‘zbekistonning madaniy diplomatiyasi doirasida milliy to‘qimachilik san’atini xalqaro maydonda targ‘ib qilish, milliy hunarmandchilikning zamonaviy salohiyatini namoyish etish hamda O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni yanada mustahkamlash uchun muhim ahamiyat kasb etdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi







