Bokuda «Tashkent Content Market» taqdimoti bo‘lib o‘tdi
Oktabr 02, 2026. 18:30 • 2 daq
• 128
BOKU, 2-oktyabr. /"Dunyo" AA/. Ozarbayjon poytaxtida Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash (CICA) tomonidan "Qutblangan dunyoda ommaviy axborot vositalari orqali ishonchni mustahkamlash" mavzusida xalqaro media-forum o‘tkazildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Ozarbayjon Media va radioeshittirish kengashi ko‘magida tashkil etilgan tadbirda O‘zbekistonda yaratilayotgan media-kontentni targ‘ib qilish va tarqatish bo‘yicha xalqaro platforma – "Tashkent Content Market" ("TCM") taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. Unda mahalliy va xorijiy OAVning yetakchi vakillari ishtirok etdi.
Taqdimot davomida ishtirokchilarga "Tashkent Content Market" faoliyatining asosiy yo‘nalishlari, xalqaro hamkorlik imkoniyatlari, O‘zbekistonda yaratilayotgan televideniye, hujjatli, ko‘ngilochar va raqamli kontentni xorijiy bozorlarda ilgari surish istiqbollari haqida ma’lumot berildi.
Tadbirda telekompaniyalar, media platformalar, prodyuserlik markazlari va kontent huquq egalari o‘rtasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Ishtirokchilarga O‘zbekistonda yaratilgan kontentni xarid qilish va tarqatish imkoniyatlari, qo‘shma media loyihalarini amalga oshirish salohiyati haqida ma’lumot taqdim etildi.
"TCM" xalqaro ishtirokchilari qatorida "Amazon MGM Studios", "Prime Video", "BBC Studios", "CNN", "Sony", "Banijay Americas", "NBCUniversal", "Netflix", "Roku", "YouTube", "Warner Bros.", "ZDF", "Canal+", "France TV", "TF1", "Tencent Video", "iQIYI", "mk2" kabi yirik kompaniyalar va media-xoldinglar mavjud.
Taqdimot davomida xalqaro kompaniyalarning keng doiradagi ishtiroki Ozarbayjon media industriyasi vakillari uchun ham yangi imkoniyatlar yaratishi ta’kidlandi.
Ozarbayjon telekanallari, prodyuserlik kompaniyalari va kontent huquq egalari uchun "TCM" o‘z kontentini xalqaro auditoriyaga taqdim etish, distributsiya va koproduksiya sohasida yangi hamkorlar topish, Markaziy Osiyo va boshqa mintaqalardagi kompaniyalar bilan hamkorlikni kengaytirish imkonini beradi.
"TCM" MDH hududidagi yirik kontent marketlaridan biriga aylanishi, bir maydonda turli mamlakatlarning yetakchi kontent ishlab chiqaruvchilari, telekanallari, OTT-platformalar, distribyutorlar va huquq egalari vakillarini birlashtirishi kutilmoqda.
"Tashkent Content Market"da ishtirok etish uchun rasmiy tcm.uz sayti orqali ro‘yxatdan o‘tish mumkin.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi