Aichi–Nagoya: Sportchilarimiz medallar jamg‘arishda davom etmoqda, hozircha 20 ta oltin
Oktabr 02, 2026. 17:30 • 3 daq
• 11AICHI-NAGOYA, 2-oktabr. /“Dunyo” AA/. Yaponiyada o‘tkazilayotgan Osiyo o‘yinlarida o‘zbekistonlik sportchilar medallar jamg‘arishda davom etmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
2-oktabr kungi musobaqalar o‘zbekistonlik sportchilar uchun ancha omadli keldi. Qator sport turlarida vakillarimiz oltin, kumush va bronza medallarini qo‘lga kiritgan holda yurtimiz sharafini munosib himoya qilishdi.
Boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi To‘rabek Habibullayev finalda xitoylik Xan Syuechjen ustidan g‘alaba qozonib, Osiyo chempioni bo‘ldi.
Yana bir bokschimiz – 60 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida ishtirok etgan Abdumalik Xalokov ham musobaqaning oltin medaliga sazovor bo‘ldi. U hal qiluvchi final jangida Jang Dongvan (Janubiy Koreya) ustidan ishonchli g‘alabaga erishdi.
Jahongir Zokirov (+90 kg) esa finalda qozog‘istonlik bokschi Aybek Oralbayga mag‘lub bo‘lib, kumush medal bilan kifoyalandi.
Dzyudo bahslarida Muzaffarbek To‘raboyev (+100 kg) muvaffaqiyatli ishtirok etib, finalga yo‘l oldi. U yarim finalda mo‘g‘ulistonlik raqibini ippon evaziga mag‘lub etdi. Final bellashuvida Muzaffarbek mezbonlar vakili Xyoga Otaga qarshi tatamiga chiqib, raqibini mag‘lub etdi va oltin medalga ega chiqdi.
Dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Ernazar Sarsenbayev (-100 kg) Osiyo o‘yinlarining bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Tennisning yakkalik bahslarida Humoyun Sultonov yarim finalga qadar yetib bordi va musobaqani bronza medali bilan yakunladi.
Velotrek bahslarining erkaklar o‘rtasidagi medison dasturida ishtirok etgan Sergey Rostovsev va Nikita Svetkov juftligi 45 ochko jamg‘arib, uchinchi o‘rinni egalladi va bronza medallariga ega bo‘ldi.
Shu bilan birga, taekvondo WT bo‘yicha bellashuvlarida Jasurbek Jaysunov va Ozoda Sobirjonova barcha raqiblarini mag‘lub etgan holda finalga yo‘l oldi.
67 kilogramm vazn toifasida mamlakatimiz sharafini himoya qilgan Ozoda Sobirjonova hal qiluvchi bahsda Eron vakili Sag‘ar Moradiyga qarshi dayanga chiqdi. Keskin va murosasiz o‘tgan bellashuvda Ozoda mag‘lub bo‘ldi va kumush medalga sazovor bo‘ldi.
Musobaqaning erkaklar o‘rtasida qatnashgan hamyurtimiz Jasurbek Jaysunov (-80 kilogramm) final bahsida Xitoy Taypeyi vakili Szyun-I Xun ustidan zafar quchib, O‘zbekiston delegatsiyasiga yigirmanchi oltin medalni keltirdi.
Ayni paytda medallar jadvalida Xitoy, Yaponiya va Janubiy Koreya kuchli uchlikni band qilgan. O‘zbekiston esa 20 ta oltin, 23 ta kumush va 22 ta bronza medal bilan kuchli to‘rtlikdan joy olgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi









