Yaponiya sayyohlarida O‘zbekistonga VIP-turlarga talab deyarli besh baravar oshdi
Noyabr 07, 2026. 15:00 • 2 daq
• 74
OSAKA, 7-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi diplomatlari “Kuoni Tumlare” xalqaro turizm kompaniyasining Yaponiya bo‘yicha savdo departamenti rahbari Norixiro Savai va Markaziy Osiyo yo‘nalishi bo‘yicha ijrochi direktori Noritomo Katsuki bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Osaka shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘zbekistonning turistik salohiyati, yuqori toifadagi sayyohlar uchun turistik xizmatlarni rivojlantirish va mahalliy turoperatorlar bilan hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Kompaniya vakillari joriy yil iyun oyida Surxondaryo viloyatiga yapon turoperatorlari uchun tashkil etilgan axborot-tanishuv safari natijalarini yuqori baholadi.
Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilda O‘zbekistonga V.I.P. toifasidagi qariyb 500 nafar mijoz uchun sayohatlar tashkil etilgan. Bu ko‘rsatkich avvalgi yillarga nisbatan sezilarli o‘sishni ko‘rsatadi.
Muzokaralar davomida kompaniyaning qariyb 50 nafar mas’ul menejeri uchun 2027-yilning yanvar–fevral oylarida O‘zbekistonning turistik imkoniyatlari, mehmonxona infratuzilmasi va mahalliy turoperatorlar xizmatlariga bag‘ishlangan onlayn va oflayn formatda seminar tashkil etishga kelishildi.
Shuningdek, kompaniya hamkorlik qiladigan 50 ga yaqin turoperator uchun O‘zbekistonni qamrab olgan qo‘shma turistik yo‘nalishlar taqdimotiga bag‘ishlangan vebinar o‘tkazish hamda 2027-yil may–iyun oylarida kompaniya vakillarining tanishuv safari tashkil etish bo‘yicha fikr almashildi.
Yaponiyaning “JTB Group” guruhi tarkibiga kiruvchi “Kuoni Tumlare” xalqaro turizm kompaniyasi 30 dan ortiq mamlakatda faoliyat yuritadi. Kompaniyaning 40 dan ziyod ofisi va 2 000 nafardan ortiq mutaxassisi bor. Asosiy faoliyat yo‘nalishlari guruhli sayohatlar, maxsus qiziqishlarga asoslangan turlar hamda xalqaro tadbirlarni tashkil etishdan iborat.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi