UN News: Samarqand tarixiy meros va barqaror shaharsozlik uyg‘unligining yorqin namunasi

Noyabr 07, 2026. 13:00 • 3 daq

• 85
UN News: Samarqand tarixiy meros va barqaror shaharsozlik uyg‘unligining yorqin namunasi
UN News: Samarqand tarixiy meros va barqaror shaharsozlik uyg‘unligining yorqin namunasi
UN News: Samarqand tarixiy meros va barqaror shaharsozlik uyg‘unligining yorqin namunasi

JENEVA, 7-noyabr. /“Dunyo” AA/. BMT rasmiy axborot portalida Butunjahon shaharlar kuniga bag‘ishlab Samarqandning taraqqiyoti, tarixiy-madaniy merosi va barqaror shaharsozlik tashabbuslariga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada Samarqand Buyuk ipak yo‘lining eng qadimiy madaniy va savdo markazlaridan biri sifatida asrlik tarixiy merosni saqlab qolishni zamonaviy ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish bilan muvaffaqiyatli uyg‘unlashtirayotgan shahar sifatida tasvirlangan.

Unda O‘zbekistonning BMT tuzilmalari, xususan, YUNESKO, BMT-Habitat va FAO bilan turizm, madaniy merosni muhofaza qilish hamda shaharlarning barqaror taraqqiyoti sohalaridagi hamkorligiga alohida e’tibor qaratilgan.

Xususan, “Ipak yo‘li” xalqaro turizm va madaniy meros universitetining faoliyati yuqori baholangan. Qayd etilishicha, mazkur oliygoh 2023-yildan buyon BMTning Jahon turizm tashkiloti (UN Tourism) bilan sheriklikni rivojlantirib kelayotgan ilk hamkor oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi. Shuningdek, UN Tourism shafeligidagi Barqaror turizm observatoriyalari xalqaro tarmog‘i (INSTO) doirasida Markaziy Osiyoda ilk bor Barqaror turizm observatoriyasini tashkil etish rejalashtirilgan. Uning faoliyati sayyohlik oqimlarini monitoring qilish, shuningdek, turizmning aholi bandligi, shahar muhiti va mahalliy aholi turmush sifatiga ta’sirini baholashga qaratiladi.

Samarqandning tarixiy-madaniy merosini asrab-avaylash borasida xalqaro ekspertlar bilan birgalikda tarixiy yodgorliklarni restavratsiya qilish usullarini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borilayotgani ma’lum qilingan.

Maqolada BMTning O‘zbekistondagi Doimiy muvofiqlashtiruvchisi Sabina Maxl Samarqandning o‘ziga xos mehmondo‘stlik muhiti, madaniy boyligi va dinamik taraqqiyotini yuqori baholagani keltirib o‘tilgan.

Nashrda O‘zbekistonning turistik salohiyati jadal o‘sib borayotgani alohida qayd etilgan. Xususan, mamlakatimizga tashrif buyurgan xorijiy sayyohlar soni 2016-yildagi 1,2 milliondan-2025-yilda qariyb 12 million nafarga yetgani ko‘rsatilgan. Shu bilan birga, 2025-yilda Samarqandga 7 millionga yaqin, 2026-yilning to‘qqiz oyida esa 10 milliondan ortiq sayyoh kelgani, yil yakuniga qadar bu ko‘rsatkich 14 million kishiga yetishi kutilayotgani bildirilgan.

Bundan tashqari, transport infratuzilmasini rivojlantirish, xususan, Samarqandning 40 dan ortiq yo‘nalishlar bo‘yicha xalqaro aviaqatnovlarini kengaytirish, shuningdek, O‘zbekistonni Xitoy, Afg‘oniston va Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan bog‘laydigan temir yo‘l magistrallarini qurish loyihalariga urg‘u berilgan.

Maqolada O‘zbekistonning barqaror shaharsozlikni ta’minlash va aholi turmush sifatini oshirish borasidagi sa’y-harakatlari ijobiy yoritilgan. Xususan, so‘nggi sakkiz yil ichida Samarqand viloyatida 1100 dan ortiq ko‘p qavatli turar joy binolari qurilgani, BMT-Habitat bilan hamkorlikda Samarqandning ilk uy-joy profili ishlab chiqilayotgani qayd etilgan.

Shuningdek, Samarqand va Toshkent shaharlarining 2026-yil avgust oyida BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining (FAO) Yashil shaharlar tarmog‘iga qo‘shilgani ekologik barqarorlikni ta’minlashdagi muhim qadam sifatida tilga olingan.

BMTning ushbu maqolasi yakunida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar ijobiy muhit shakllantirib, Samarqandni boy tarixiy meros, jadal rivojlanayotgan turizm va zamonaviy shaharsozlik yondashuvlarini o‘zida mujassam etgan namunali shahar sifatida ko‘rsatishi ta’kidlangan.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish