Yaponiyada O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilish uchun yangi turistik paketlarga qiziqish bildirilmoqda

Noyabr 10, 2026. 11:30 • 2 daq

• 28
Yaponiyada O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilish uchun yangi turistik paketlarga qiziqish bildirilmoqda
Yaponiyada O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilish uchun yangi turistik paketlarga qiziqish bildirilmoqda

OSAKA, 10-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi diplomatlari Osaka shahriga tashrifi doirasida “Nankai Travel International” kompaniyasi prezidenti Yasuxito Kiyoxara bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqot davomida O‘zbekistonning turistik salohiyati, yapon sayyohlari uchun yangi turistik mahsulotlarni ishlab chiqish hamda ikki mamlakat o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Kompaniya prezidenti 2024-yilda Osaka shahridagi 10 dan ortiq kichik va o‘rta biznes vakillari uchun O‘zbekistonga biznes-sayohat tashkil etilganini qayd etib, mamlakatimizga nisbatan qiziqish ortib borayotganini ta’kidladi.

Kompaniya O‘zbekiston yo‘nalishida individual sayohatlar va ta’lim turizmiga mo‘ljallangan yangi turistik paketlarni ishlab chiqishdan manfaatdor ekanini bildirdi.

Uchrashuv davomida 2027-yilda Samarqand va Nara shaharlari o‘rtasida birodarlik aloqalari o‘rnatilganining besh yilligi munosabati bilan Nara aholisi uchun O‘zbekistonga maxsus turistik paketlar ishlab chiqish hamda shaharda mamlakatimizning turistik imkoniyatlariga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazishga kelishib olindi.

Shuningdek, Osaka hududidagi maktab o‘quvchilari uchun O‘zbekistonga ta’lim sayohatlarini tashkil etish masalalari yuzasidan hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha fikr-mulohaza almashildi.

1950-yilda tashkil etilgan Osakadagi “Nankai Travel International” kompaniyasi ichki va xalqaro turizm, guruhli va individual sayohatlarni tashkil etishga ixtisoslashgan. Hozirda kompaniyaning Tokio, Fukuoka va Vakayama shaharlarida ham o‘z ofislari mavjud.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish