Daniya Bosh vaziri yangi koalitsion hukumatni muvaffaqiyatli shakllantirib, o‘z lavozimini saqlab qoldi
Iyun 04, 2026. 23:25 • 2 daq
• 60KOPЕNGAGЕN, 4-iyun. /“Dunyo” AA/. Daniya Bosh vaziri Mette Frederiksen mart oyidagi parlament saylovlaridan so‘ng ikki oy davom etgan siyosiy inqirozga yakun yasab, mamlakatning uchinchi koalitsion hukumatini taqdim etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Eslatib o‘tamiz, an’anaga ko‘ra mamlakatning eng yirik partiyasi sanalgan Sotsial-demokratlar partiyasi mart oyidagi saylovlarda atigi 21,8 foiz ovoz (38 ta mandat) to‘plagan edi – bu ularning 1903-yildan buyon eng yomon natijasidir. Avvalgi chaqiriq bilan taqqoslaganda, partiya parlamentdagi 12 o‘rnini yo‘qotgan. Shunga qaramay, 48 yoshli Mette Frederiksen inqirozga qarshi samarali kurashuvchi lider sifatida obro‘ qozongan. Uning partiyasi o‘ng-markazchi kuchlar bilan to‘rt yillik hamkorlikdan so‘ng “Yashil so‘llar”, Sotsial-liberal partiya va “Mo‘tadillar” partiyasi bilan koalitsiya tuzdi.
Yangi Vazirlar Mahkamasi tarkibidan 21 nafar vazir o‘rin oldi. Ular orasida sobiq Bosh vazir Lars Lyokke Rasmussen ham bor. U Tashqi ishlar vaziri lavozimini saqlab qoldi va AQSH bilan Grenlandiya suvereniteti yuzasidan muzokaralarni nazorat qilishda davom etadi.
O‘zgarishlar doirasida Adliya vaziri Peter Xummelgor va Moliya vaziri Nikolay Vammen o‘z lavozimlarini almashdi. Ilgari har ikki siyosatchi ham Mette Frederiksenning ehtimoliy vorislari sifatida ko‘rib chiqilayotgan edi.
Bosh vazirning ta’kidlashicha, o‘zgarishlar hukumatni umumiy qayta tashkil etishning bir qismidir. Bir qator alohida vazirliklar tugatilib, boshqa idoralar bilan birlashtirildi.
Yangi hukumat Daniya tarixida ayollar soni erkaklarnikidan ko‘p bo‘lgan ilk kabinetga aylandi.
“AFP” agentligi surati
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi







