FIFA xavfsizlik nuqtayi nazaridan JCH–2026 stadionlariga ko‘p martalik idishlarni olib kirishni taqiqlaydi

Iyun 04, 2026. 23:55 • 2 daq

13
FIFA xavfsizlik nuqtayi nazaridan JCH–2026 stadionlariga ko‘p martalik idishlarni olib kirishni taqiqlaydi

TOSHKЕNT, 4-iyun. /“Dunyo” AA/. Futbol bo‘yicha Jahon chempionati muxlislari xavfsizligini ta’minlash maqsadida stadionlarga ko‘p martalik idishlarni olib kirish taqiqlanadi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Reuters” agentligi ma’lumotiga tayanib.

Qayd etilishicha, qaror so‘nggi pallada qabul qilingan va boshqa bir qator buyumlarga, jumladan, krujkalar, bankalar va konserva idishlariga ham tegishlidir. Bu chora mazkur buyumlardan uloqtirish quroli sifatida foydalanilganda jarohatlanish xavfining oldini olishga qaratilgan.

“FIFA barcha o‘yinchilar, hakamlar, muxlislar, ko‘ngillilar va xodimlarning salomatligi va xavfsizligini himoya qilishga intiladi”, – deyiladi tashkilotning “Reuters” uchun bayonotida. Shuningdek, taqiq ishtirokchilar va tomoshabinlar orasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan jarohatlarning oldini olish maqsadida joriy etilgani ta’kidlangan.

Shu bilan birga, bu qaror muxlislar orasida xavotir uyg‘otdi. Ular issiq havoda stadionlarda bo‘lish sharoitlari yuzasidan o‘z xavotirlarini bildirdi. Taxminlarga ko‘ra, ayrim arenalarda harorat Selsiy bo‘yicha 26–28 darajagacha ko‘tarilishi mumkin, bu esa ichimlik suvi bilan ta’minlanish masalasini kun tartibiga qo‘yadi.

Eslatib o‘tamiz, 2026-yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionati 48 ta terma jamoa ishtirokida 11-iyundan 19-iyulgacha AQSH, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadi. Turnir doirasida avvalgi 64 ta o‘yin o‘rniga qo‘shimcha pley-off bosqichini o‘z ichiga olgan 104 ta uchrashuv o‘tkaziladi. O‘zbekiston terma jamoasi chempionatdagi ilk o‘yinini Meksikadagi “Atsteka” stadionida Kolumbiyaga qarshi o‘tkazadi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish