O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Malayziyaning yangi elchisini qabul qildi
Iyul 22, 2026. 14:30 • 2 daq
• 93
TOSHKENT, 22-iyul. /“Dunyo” AA/. Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bugun Malayziyaning yangi elchisi Rafeda binti Abdul Azizni qabul qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“Malayziyaning O‘zbekistondagi yangi tayinlangan elchisi Rafeda binti Abdul Aziz xonimdan ishonch yorliqlari nusxalarini qabul qilishdan mamnunmiz, – deb yozdi O‘zbekiston TIV rahbari o‘zining telegram-kanalida. – O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yana-da rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildik. So‘nggi yillarda oliy darajadagi muloqotlar tufayli ikki tomonlama munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilganini mamnuniyat bilan qayd etdik.
Savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, investitsiyaviy hamkorlikni chuqurlashtirish va ko‘plab sohalarda yangi qo‘shma loyihalarni ilgari surish masalalariga alohida eʼtibor qaratdik.
Elchi xonimga mamlakatimizdagi diplomatik faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tilab, uning masʼuliyatli faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanimizni bildirdik”.
Eslatib o‘tamiz, Rafeda binti Abdul Aziz 2023-yildan buyon Malayziyaning Toshkentdagi diplomatik missiyasiga rahbarlik qilib kelgan elchi Ilxam Tua bin Illiasning o‘rnini egalladi.
Rafeda binti Abdul Aziz 2002-yildan beri Malayziya Tashqi ishlar vazirligi tizimida ishlab kelmoqda. U turli yillarda TIV markaziy apparati va mamlakatning xorijdagi elchixonalarida masʼul lavozimlarni egallagan. Diplomat 2021-yildan buyon Malayziyaning Misrdagi elchisi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan edi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi