AQSH Eron bilan urushga 37,5 milliard dollar sarfladi
Iyul 22, 2026. 14:00 • 3 daq
• 53
VASHINGTON-TEHRON, 22-iyul. /“Dunyo” AA/. AQSHning Eronga qarshi harbiy operatsiyasi Vashingtonga 37,5 milliard dollarga tushdi, Pentagon esa jangovar harakatlarni davom ettirish uchun Kongressdan yana 87 milliard dollar so‘radi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
AQSH Mudofaa vaziri Pit Hegset Senatdagi eshituvlarda urush xarajatlari may oyidagi oxirgi rasmiy baholashdan beri deyarli 8 milliard dollarga oshganini maʼlum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 87 milliard dollarlik qo‘shimcha moliyalashtirish paketidan qariyb 67 milliardi Yaqin Sharqdagi operatsiyalarga yo‘naltirilishi rejalashtirilmoqda.
Vazir yangi moliyalashtirish tasdiqlanmasa, Pentagon harbiy xizmatchilarga ish haqi to‘lash, qurol-yarog‘ zaxiralarini to‘ldirish va joriy operatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash uchun mablag‘ yetishmovchiligiga duch kelishidan ogohlantirdi. U ushbu so‘rovni AQSHga harbiy ustunlikni saqlab qolish imkonini beruvchi “bir avlod sarmoyasi” deb atadi.
Vaziyatdan xabardor “NBC News” manbasining taʼkidlashicha, haqiqiy xarajatlar rasmiy baholashdan ancha yuqori. Chunki unga zarar ko‘rgan Amerika harbiy bazalarini qayta tiklash xarajatlari kiritilmagan.
Eshituvlar urushga qarshi namoyishchilarning bir necha bor qilgan norozilik chiqishlari bilan kechdi va Pit Hegset hamda demokrat-senator Geri Piters o‘rtasidagi keskin tortishuv bilan yakunlandi. Demokratlar Donald Tramp maʼmuriyatini, yaqinda prezidentning o‘zi “G‘alaba qozonildi” deb eʼlon qilgan urush uchun o‘nlab milliard dollar ajratishni talab qilayotgani uchun tanqid ostiga olishdi.
Ketma-ket davom etayotgan jangovar harakatlar fonida kecha Amerika harbiylari Eron hududidagi obyektlarga qarata ketma-ket 11-aviazarbalar seriyasini berdi. Bunga javoban Tehron mintaqadagi Amerika harbiy obyektlariga yangi raketa zarbalari berilganini maʼlum qildi.
Eron tomoni maʼlumotlariga ko‘ra, zarbalar Tabriz, Xuziston, Hurmuz bo‘g‘ozi yaqinidagi Sirik, Chobahor, Konarak, Bushehr hamda mamlakatning boshqa qator hududlaridagi nishonlarga qaratilgan. Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi “Tajovuzkorni jazolash” operatsiyalari davom ettirilishini bildirib, Kuvaytdagi AQSH harbiy obyektlariga ham zarba berilganini maʼlum qildi.
“CNN” telekanalining xabar berishicha, AQSH prezidenti Donald Tramp Amerika qo‘shinlari Eronning taxmin qilinayotgan maxfiy yadroviy obyekti — “Kirka tog‘i”ga juda yaqin vaqt ichida va juda kuchli zarba berishi mumkinligini aytgan.
Bunga javoban, Tehron mojaroning yana-da avj olishi uni Yaqin Sharq hududidan ancha kengroq mintaqalarga yoyib yuborishi mumkinligidan ogohlantirdi.
AQSH davlat kotibi Marko Rubio Manilaga tashrifi chog‘ida Vashington hali ham diplomatik yo‘l bilan kelishuvga erishishga tayyorligini bildirdi. Biroq, uning taʼkidlashicha, Eron muzokaralarga jiddiy yondashmayapti.
“Agar ular jiddiy muzokaralarga tayyor bo‘lsa — biz ham tayyormiz. Agar bunday bo‘lmasa, o‘z manfaatlarimiz va ittifoqchilarimiz manfaatlarini himoya qilish uchun zarur bo‘lgan barcha choralarni ko‘ramiz”, — dedi diplomat.
Davom etayotgan harbiy to‘qnashuvlar fonida Pentagon mintaqa hududida yana bir necha amerikalik harbiy xizmatchi halok bo‘lganini tasdiqladi. AQSH ommaviy axborot vositalari maʼlumotlariga ko‘ra, 28-fevralda boshlangan urush davomida halok bo‘lgan amerikaliklar soni 18 nafarga yetgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi