Vengriyada og‘ir moliyaviy vaziyatga tushib qolgan vatandosh O‘zbekistonga qaytarildi
Aprel 27, 2026. 17:55 • 2 daq
• 124
BUDAPESHT, 27-aprel. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimiz diplomatik vakolatxonalari xorijda mehnat qilayotgan vatandoshlarimizning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga har tomonlama ko‘mak berish borasida izchil ish olib bormoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Jumladan, O‘zbekistonning Vengriyadagi elchixonasi konsullik bo‘limiga yurtdoshimiz A.D. murojaat qilib, vatanga qaytishda amaliy yordam so‘ragan.
Hamyurtimizning maʼlum qilishicha, u og‘ir vaziyatga tushib qolishiga ish beruvchining o‘z majburiyatlarini kerakli darajada bajarmagani sabab bo‘lgan. Xususan, ish beruvchi tomonidan zarur hujjatlar rasmiylashtirilmagani oqibatida u huquqiy va moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan hamda mustaqil ravishda O‘zbekistonga qaytish imkoniyatidan mahrum bo‘lgan.
Mazkur holatni o‘rganish maqsadida elchixona xodimlari tegishli tashkilotlar, jumladan Migratsiya agentligi vakillari bilan hamkorlikda tezkor chora-tadbirlarni amalga oshirdi.
Olib borilgan saʼy-harakatlar natijasida O‘zbekistonning xorijda mehnat qilayotgan fuqarolarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan vatandoshimiz uchun bepul aviachipta xarid qilindi. Shu tariqa, vatandoshimiz sog‘-omon yurtimizga qaytarildi.
Bu kabi amaliy yordamlar davlatimiz tomonidan xorijdagi fuqarolarimizga qaratilayotgan eʼtibor va g‘amxo‘rlikning yana bir yorqin namunasidir.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi