O‘zbekiston va Germaniyaning Tyuringiya federal o‘lkasi o‘rtasida kasbiy taʼlim va mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi
Aprel 23, 2026. 12:25 • 2 daq
• 183
BERLIN, 23-aprel /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasida Tyuringiya federal o‘lkasining ijtimoiy masalalar, sog‘liqni saqlash, mehnat va oila vaziri Katarina Shenk bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur uchrashuv elchixonada “O‘zbekiston–Germaniya dual va kasbiy taʼlim forumi: raqobatbardosh va malakali kadrlar” mavzusida o‘tkazilgan xalqaro forum doirasida tashkil etildi.
Suhbat chog‘ida elchi Dilshod Axatov mamlakatimizda mehnat migratsiyasi, dual va kasbiy taʼlim sohalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, shuningdek malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha yaratilayotgan yangi imkoniyatlar haqida nemis tomoniga atroflicha maʼlumot berdi.
Katarina Shenk, o‘z navbatida, O‘zbekistonda shakllantirilayotgan qulay ishbilarmonlik muhiti va yaratilayotgan yangi imkoniyatlar Tyuringiya ishbilarmon doiralarida katta qiziqish uyg‘otayotganini taʼkidladi. U, shuningdek, Tyuringiya federal o‘lkasi O‘zbekiston bilan ko‘p yillardan buyon samarali hamkorlik qilib kelayotganidan mamnun ekanini bildirib, yosh mutaxassislarni kasbga tayyorlash va ularni ish bilan taʼminlashga qaratilgan loyihalarni qo‘llab-quvvatlashini maʼlum qildi.
Uchrashuvda federal o‘lka bilan hamkorlikni yana-da rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Dual va kasbiy taʼlim, qonuniy, xavfsiz va tartibli tashqi mehnat migratsiyasi, malakali mutaxassislar tayyorlash, shuningdek hududlararo iqtisodiy aloqalarni kengaytirish o‘zaro hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida qayd etildi.
Shu bilan birga, Tyuringiya korxonalari uchun O‘zbekistondan kasb o‘rganuvchi yoshlarni jalb etish, ularni qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy integratsiyalashuv bo‘yicha amaliy ishlar yo‘lga qo‘yilgani taʼkidlandi.
Tomonlar taʼlim va mehnat migratsiyasi sohalaridagi hamkorlikni yana-da chuqurlashtirish, shuningdek sanoat, to‘qimachilik, raqobatbardosh malakali kadrlar tayyorlash va ijtimoiy yo‘nalishlardagi aloqalarni kengaytirishdan manfaatdor ekanliklarini taʼkidladilar.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi