Logo

Londonda Buyuk Britaniyaning yetakchi kompaniyasi rahbariyati bilan virtual stajirovkalar sohasida hamkorlik masalalari muhokama qilindi

Aprel 27, 2026. 17:25 • 2 daq

78
Londonda Buyuk Britaniyaning yetakchi kompaniyasi rahbariyati bilan virtual stajirovkalar sohasida hamkorlik masalalari muhokama qilindi

LONDON, 27-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Ravshan Usmanov “Virtual Internships” muassasasi ijrochi direktori Deniyel Nivern bilan muloqot bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasida taʼlim va yoshlar siyosati sohasidagi hamkorlikning bugungi holati hamda istiqbollari yuzasidan fikr almashildi. Asosiy eʼtibor xalqaro mehnat bozorida raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, talabalarning amaliy ko‘nikmalarini oshirish va ularni zamonaviy kasblarga yo‘naltirish masalalariga qaratildi.

Deniyel Nivern “Virtual Internships” dasturlarining geografiyasi va qamrovi haqida batafsil maʼlumot berar ekan, ushbu platforma o‘zbek yoshlari uchun xalqaro muhitda ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirish va kasbiy kompetensiyalarini oshirishda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.

Masofaviy tajriba orttirish talabalarga yetakchi xorijiy kompaniyalar tajribasini bevosita O‘zbekistonda turib o‘rganish va ingliz tili ko‘nikmalarini amaliyotda qo‘llash imkonini beradi.

Uchrashuv davomida O‘zbekiston oliy taʼlim muassasalari talabalarini ushbu dasturlarga keng jalb etish va hamkorlikning tashkiliy jihatlarini ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

2018-yilda tashkil etilgan “Virtual Internships” – talabalar va yosh mutaxassislarga dunyodagi eng nufuzli kompaniyalarda masofaviy tarzda ish tajribasi orttirish imkonini beruvchi xalqaro platformadir. Ushbu muassasa yoshlar uchun joylashuvidan qatʼiy nazar, 4 haftadan 16 haftagacha davom etadigan xalqaro stajirovka dasturlarini taqdim etadi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish