O‘zbekiston diplomatlari Adigeyadagi vatandoshlar uchun sayyor qabul o‘tkazdi
Aprel 23, 2026. 11:25 • 2 daq
• 153
MAYKOP, 23-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Rostov-Don shahridagi Bosh konsulxona tomonidan Adigeya Respublikasidagi “SpesStroyKuban” qurilish kompaniyasida mehnat qilayotgan vatandoshlar bilan uchrashuv o‘tkazildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuvda hamyurtlarga O‘zbekistonda so‘nggi paytlarda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar hamda Bosh konsulxona tomonidan fuqarolarga ko‘rsatilayotgan konsullik xizmatlari haqida maʼlumot berildi.
Tadbir ishtirokchilari Rossiya hududida mehnat qilayotgan yurtdoshlarimiz duch kelayotgan ayrim muammolar yuzasidan fikr-mulohaza almashdi. Xususan, narkotik moddalarning noqonuniy aylanmasi, diniy ekstremizm, jinsiy tajovuz va boshqa turdagi jinoyatlarga aralashib qolish holatlari ortib borayotgani xavotirli ekani taʼkidlandi. Shu sababli, baʼzi fuqarolarimiz jinoiy ishlarda gumonlanib yoki hukm qilinib, majburiy ravishda harbiy harakatlar bo‘layotgan hududlarga yuborilayotgani va bu oqibatda qurbonlar ham uchrayotgani aytildi.
Fuqarolarni harbiy harakatlarga jalb qilish holatlari baʼzan majburiy tarzda, ayrim holatlarda aldash yoki katta pul vaʼda qilish orqali amalga oshirilayotgani sababli vatandoshlar ehtiyotkor bo‘lishga chaqirildi. Shu bilan birga, chet elda harbiy harakatlarda ishtirok etish O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra javobgarlikka sabab bo‘lishi eslatib o‘tildi.
Rossiya hududida bo‘lgan hamyurtlarga mahalliy qonunlarga rioya qilish va urf-odatlarni hurmat qilish zarurligi taʼkidlandi. Har qanday kichik qoidabuzarlik ham og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkinligi haqida ogohlantirildi.
Uchrashuv yakunida ishtirokchilarning yashash va mehnat sharoitlari o‘rganildi, ish beruvchi tomonidan mehnat xavfsizligi qay darajada taʼminlangani ko‘zdan kechirildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi