Vladimir Zelenskiy Rossiya prezidentiga yo‘llagan ochiq xatida yuzma-yuz muzokaralar o‘tkazishni taklif qildi
Iyun 05, 2026. 18:25 • 2 daq
•
KIEV-MOSKVA, 5-iyun. /“Dunyo” AA/. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya yetakchisi Vladimir Putin bilan shaxsan uchrashishni taklif qilib, ochiq xat orqali, tegishli tashabbus bilan chiqdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ukraina Prezidenti o‘zining ochiq xatida ziddiyat yana AQSH e’tibor markaziga tushishini “shunchaki kutib o‘tirish noto‘g‘ri” bo‘lishini aytib, tinchlikka faqatgina Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi “bevosita muloqot orqali” erishish mumkinligini qo‘shimcha qildi.
U, shuningdek, taxmin qilinayotgan muzokaralar vaqtida o‘t ochishni to‘liq to‘xtatishga chaqirdi. “Men uchrashuvning aniq sanasini belgilashni taklif qilaman”, – deyiladi matnda.
Davlat rahbari urush va tinchlik masalalarini hal qilish uchun an’anaviy tarzda yetakchilarni qabul qiladigan davlatlar borligini ta’kidladi. “Shveysariya, Turkiya, arab dunyosi mamlakatlari – ko‘pchilik bu uchrashuvni o‘tkazishga qodir va buni istaydi. Asosiy masalalarni aynan yetakchilar hal qiladi – bu doim shunday bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi”, – deya ta’kidlangan maktubda.
Vladimir Zelenskiy ikki tomonlama muzokaralar yo‘nalishiga vaziyatga ta’sir o‘tkaza oladigan va xavfsizlik kafili sifatida ishtirok eta oladigan Yevropadan bo‘lgan boshqa ishtirokchilar ham qo‘shilishi mumkin, degan fikrni bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2025-yil avgust oyida AQSH va Rossiya prezidentlari uchrashgan Ankorijda “Ukraina va Yevropa masalalari hal etilmaydi”.
Kreml prezidentning xatdan xabardor ekanini tasdiqladi. Avvalroq, Rossiyaning “TASS” axborot agentligi tomonidan jurnalistlar uchun uyushtirilgan uchrashuvda Prezident Vladimir Putin Rossiya, shubhasiz, Alyaskadagi Rossiya–AQSH muzokaralari davomida erishilgan asosda Ukraina bilan tinch yo‘l bilan kelishishga tayyor ekanini va buni istashini aytgan edi. Kecha AQSH prezidenti Donald Tramp ikki yetakchining uchrashuvi “ajoyib bo‘lardi”, deya ta’kidladi.
Rossiyaning ko‘p yillik pozitsiyasi shundan iboratki, Ukraina to‘rtta hudud – Donetsk, Lugansk, Xerson va Zaporojedan chiqib ketishi hamda NATOga a’zo bo‘lish harakatlaridan voz kechishi kerak. Ukraina hududiy yon berish ehtimolini inkor etdi.
Ta’kidlash joizki, so‘nggi oylarda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qoldi, xalqaro OAV bahosiga ko‘ra, Jeneva, Abu-Dabi va Istanbulda o‘tgan avvalgi tinchlik muzokaralari muvaffaqiyatsizlikka uchradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

Xitoy BMT Bosh kotibi saylovi borasidagi o‘z pozitsiyasini potensial nomzod bilan uchrashuvda ma’lum qildi

“Hizbulloh” davom etayotgan jangovar harakatlar fonida Isroil va Livan o‘rtasida erishilgan kelishuvni rad etdi


