AQSHning Nyu-Jersi shtatida o‘zbek yoshlari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Iyun 05, 2026. 15:55 • 2 daq
• 1NYU-YORK, 5-iyun. /“Dunyo” AA/. AQSHning Nyu-Jersi shtatida ushbu mamlakatda istiqomat qilayotgan vatandoshlar ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbir “O‘zbek–Amerika jamiyati” diaspora tashkiloti tomonidan O‘zbekistonning Nyu-York shahridagi Bosh konsulxonasi hamda o‘zbek yoshlar uyushmalari va faollari hamkorligida tashkil etildi.
Uchrashuvda Nyu-York, Nyu-Jersi, Pensilvaniya va boshqa shtatlardan kelgan talabalar, AQSH oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari, yosh mutaxassislar, tadbirkorlar va jamoat faollari ishtirok etdi.
Muloqot chog‘ida xorijdagi o‘zbek yoshlarini birlashtirish, ular o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish hamda o‘zaro qo‘llab-quvvatlash muhitini shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ishtirokchilar milliy o‘zlikni, madaniyat, an’ana va tilni asrab-avaylash, shuningdek, yosh vatandoshlarning O‘zbekiston bilan aloqalarini mustahkamlash muhimligini ta’kidladilar.
Tadbir davomida yoshlar hamkorligini yanada rivojlantirish va qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Mehmonlar uchun do‘stona muloqot tashkil etilib, o‘zbek milliy taomlaridan iborat dasturxon tuzatildi.
Tashkilotchilarning so‘zlariga ko‘ra, bunday tadbirlar yosh vatandoshlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash va xorijdagi o‘zbekistonliklarning faol hamjamiyatini shakllantirishga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi








