O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi birinchi yarim yillikda 41 milliard dollarga yetdi

Avgust 03, 2026. 11:30 • 2 daq

74
O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi birinchi yarim yillikda 41 milliard dollarga yetdi

TOSHKENT, 3-avgust. /“Dunyo” AA/. Joriy yilning dastlabki 6 oyida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 41 milliard AQSH dollarini tashkil etdi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 7,4 foizga ko‘pdir, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Milliy statistika qo‘mitasi maʼlumotlariga ko‘ra, eksport hajmi 8,8 foizga kamayib, 15,9 milliard dollarni tashkil qilgan. Shu bilan birga, oltinni hisobga olmaganda tovarlar eksporti 28,7 foizga o‘sib, 8,2 milliard dollarga yetgan. Bu esa tashqi bozorlarga noxomashyo mahsulotlarini yetkazib berishda ijobiy o‘sish kuzatilayotganini ko‘rsatadi.

Tovar va xizmatlar importi 21 foizga o‘sib, 25,1 milliard dollarni tashkil etdi.

Joriy yilning dastlabki olti oyi davomida O‘zbekiston dunyoning 195 ta davlati bilan savdo aloqalarini olib bordi.

Respublikaning eng yirik savdo hamkorlari Xitoy (tashqi savdo aylanmasidagi ulushi 23,1 foiz), Rossiya (17,1 foiz), Qozog‘iston (6,8 foiz), Turkiya (3,4 foiz) va Afg‘oniston (2,6 foiz) bo‘lib qolmoqda.

Ekspertlarning fikricha, oltinni hisobga olmaganda tovarlar eksportining sezilarli darajada oshishi fonida tashqi savdo aylanmasi umumiy hajmining o‘sishi O‘zbekiston eksport tarkibini diversifikatsiya qilish jarayoni davom etayotgani hamda yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlarning bosqichma-bosqich kengayib borayotganidan dalolat beradi.

Shu bilan birga, importning jadal o‘sishi mamlakatda yuqori ichki investitsiyaviy va isteʼmol talabi saqlanib qolayotgani, iqtisodiyot faol modernizatsiya qilinayotganini aks ettiradi. 195 mamlakat bilan tashqi iqtisodiy hamkorlikning keng qamrovli ekani O‘zbekistonning jahon iqtisodiyotiga yana-da integratsiyalashuvi va mintaqaviy savdoning eng jadal rivojlanayotgan ishtirokchilaridan biri sifatidagi o‘rnini mustahkamlayotganini ifodalaydi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish