Yangi Toshkent qurilishiga BAA investitsiyalarini jalb etish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi

Noyabr 25, 2026. 14:30 • 2 daq

• 90
Yangi Toshkent qurilishiga BAA investitsiyalarini jalb etish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi

ABU-DABI, 25-noyabr. /“Dunyo” AA/. 23–24-noyabr kunlari O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi rahbari o‘rinbosari Sharof Rajabovning BAAga xizmat safari tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tashrif doirasida Yangi Toshkent qurilishiga to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar, yirik xalqaro developerlik kompaniyalari va jahonga mashhur brendlarni jalb qilish maqsadida BAAning ko‘chmas mulk, qurilish hamda investitsiya sohalarida faoliyat yurituvchi 20 ga yaqin yetakchi kompaniyalari rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.

Muzokaralar davomida xorijiy investorlarga Yangi Toshkent shahrining bosh rejasi, shaharni rivojlantirish konsepsiyasi, investitsiyaviy salohiyati, istiqbolli loyihalar hamda xorijiy investorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, imtiyoz va preferensiyalar to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Xorijiy kompaniyalar vakillari Yangi Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari hamda shaharning investitsiyaviy imkoniyatlariga katta qiziqish bildirdi.

Uchrashuvlarda ilg‘or xalqaro tajriba, zamonaviy arxitektura va shaharsozlik yechimlarini joriy etish, nufuzli jahon brendlarini jalb qilish hamda xalqaro standartlarga muvofiq shahar muhitini shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Muloqotlar chog‘ida qator istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirish, uzoq muddatli strategik hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish hamda erishilgan kelishuvlarni amaliy bosqichga olib chiqish yuzasidan dastlabki kelishuvlarga erishildi. 

Joriy yil yakuniga qadar xorijiy kompaniyalar rahbariyati va ekspertlarining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish bo‘yicha kelishib olindi. 

Mazkur tashriflar doirasida erishilgan kelishuvlarni yanada mustahkamlash, istiqbolli investitsiya loyihalarining asosiy jihatlarini kelishib olish hamda o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish ko‘zda tutilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish