Frankfurt-Mayn shahrida O‘zbekiston va Germaniya hududlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi
Iyun 11, 2026. 09:30 • 2 daq
• 42
FRANKFURT-MAYN, 11-iyun. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Frankfurt-Mayn shahridagi Bosh konsulxonasi diplomatlari nufuzli “MÜSIAD Hessen” tashkiloti rahbariyati bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot davomida “MÜSIAD Hessen” vakillari O‘zbekiston bilan hamkorlik aloqalari tobora rivojlanib borayotganini ta’kidladi. Ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar so‘nggi yillarda strategik ahamiyat kasb etayotgani qayd etildi.
Tomonlar hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari, jumladan o‘zbek mahsulotlarining Germaniya bozoriga eksportini kengaytirish, ikki mamlakat korxonalari o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, O‘zbekiston iqtisodiyotiga nemis investitsiyalarini jalb qilish, mehnat migratsiyasi, kadrlar tayyorlash va turizm sohalaridagi hamkorlikni atroflicha muhokama qildi.
O‘zbekiston va Germaniya ishbilarmon doiralari vakillari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatish, qo‘shma ishbilarmonlik tadbirlarini tashkil etish, tijorat takliflarini almashish va istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirishga ko‘maklashish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Muzokaralar davomida “MÜSIAD Hessen” delegatsiyasining Toshkent va Buxoro viloyatlariga tashrifini tashkil etish, O‘zbekiston davlat tuzilmalari va ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida qo‘shma biznes-forum o‘tkazish masalalarida turli kelishuvlarga erishildi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha sheriklikni yanada kengaytirish, muntazam ishchi aloqalarni qo‘llab-quvvatlash va O‘zbekiston–Germaniya munosabatlarini mustahkamlashga xizmat qiladigan qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekani e’tirof qilindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi